Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunovning hududlarda olib borayotgan o‘rganish ishlari davom etmoqda
Avval xabar berganimizdek, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov shahar-tumanlarda jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holatini joyiga chiqib o‘rganmoqda.
Xuddi shunday o‘rganishlar, bugun 18 may kuni viloyatning Romitan, Peshku, Olot va Qorako‘l tumanlarida o‘tkazildi.
Boshqarma boshlig‘i ushbu tumanlarning hokimlari va boshqa mutasaddi rahbarlari ishtirokida hududiy ichki ishlar bo‘limlari va ularning quyi tuzilmalarida kundalik xizmat faoliyatning qay tartibda tashkil etilganligi bilan tanishib, masʼullar ishtirokida hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish va sodir etilganlarini issiq izidan fosh etish borasida amalga oshirilayotgan tezkor hamda profilaktik tadbirlarning ahvolini tahlil qildi.
Shuningdek, hududiy ichki ishlar organlarining navbatchilik qismlari va bu yerga integratsiya qilingan situatsion kuzatuv markazlari hamda yurituvdagi hujjatlar ham ko‘zdan kechirilib, ijro intizomi taftish qilindi.
Bundan tashqari, mazkur bo‘limlarda xodimlarning ishlashi uchun yaratilgan sharoitlar, xizmat xonalarida mavjud moddiy texnika taʼminotining ahvolini ham ko‘rikdan o‘tkazdi.
O‘rganishlar jarayonida boshqarma boshlig‘i "Olot chegara bojxona postida" ham bo‘lib, bu yerda chegaramizning mustahkam qo‘riqlanayotganligi, postda xizmat qilayotgan huquq-tartibot organlarining xizmat sharoitlari, fuqarolar hamda transport vositalarining xavfsiz harakatlanishi uchun yaratilgan imkoniyatlar va jamoat xavfsizligining taʼminlanganlik darajasini ko‘zdan kechirdi.
Boshqarma boshlig‘i I.Tursunov mazkur tumanlarning mutasaddilariga mahallalarni zamonaviy kameralar bilan jihozlab raqamlashtirish orqali, hududiy ichki ishlar organlariga integratsiya qilish, hududlarni ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish, murojaatlar bilan ishlash, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish masalalarida sektor rahbarlarining hamkorligi hamda ichki ishlar organlari maʼmuriy binolarida xavfsizlik choralarini kuchaytirish borasida zaruriy ko‘rsatmalar berdi.
Boshqarma boshlig‘ining bu kabi o‘rganishlari davom ettiriladi.