Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida jinoyatchilikni barvaqt oldini olish borasidagi chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi
Bugun, 5 yanvar kuni viloyat Ichki ishlar boshqarmasida, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshliqlarining o‘rinbosarlari va masʼul xodimlari ishtirokida, hududlarda jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Yig‘ilishni boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Bahodirxo‘ja Sharipov olib bordi.
Dastlab, o‘tgan hisobot yilida viloyatda jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida yo‘l qo‘yilgan tizimli kamchiliklar, mahallalarda sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarning ahvoli tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Ko‘rib chiqilgan har bir masala yuzasidan hududiy ichki ishlar organlarining rahbarlari va masʼul xodimlari, viloyat ichki ishlar boshqarmasidan tuman (shahar)larga biriktirilgan boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari va kuratorlar, Jinoyat qidiruv, Huquqbuzarliklar profilaktikasi, Jamoat tartibini saqlash va Tashkiliy boshqarmalar rahbar va masʼul xodimlarining hisobotlari tinglandi.
Yig‘ilish yakunida barcha sohaviy xizmatlar, hududiy ichki ishlar organlari rahbar va masʼul xodimlarining har biridan ijrochilik intizomiga qatʼiy rioya qilishlari, huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasidagi kechiktirib bo‘lmas tezkor, profilaktik va tashkiliy tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli va samarali tashkil etishlari lozimligi, zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarishda tashabbus ko‘rsatib, qo‘l ostidagi xodimlarga shaxsiy namuna ko‘rsatishlari talab qilindi.