Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov viloyat 3-sektoriga qarashli Shofirkon tumanida o‘rganish ishlarini olib bordi
Prezidentimizning 2017-yil 8-avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼminlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida mamlakatimizning barcha hududlarida yo‘lga qo‘yilgan sektorlar faoliyati davlat organlarini aholi bilan yana-da yaqinlashtirish, xalq bilan tizimli muloqotini yo‘lga qo‘yishda muhim omil bo‘lmoqda.
Ayni maqsadda esa Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i doimiy ravishda hududlarda bo‘lib, tumanlar sektor rahbarlari, tegishli masʼullar, mahallalar “yettilik” vakillari shuningdek, aholi bilan bevosita muloqot o‘tkazib, mavjud muammolarni tizimli ravishda hal etib kelmoqda.
Ushbu o‘rganishlar doirasida bugun viloyat 3-sektor rahbari Shofirkon tumanida bo‘ldi.
Bugungi kunda Shofirkon tumanining eng chekka hududlaridan biri hisoblangan "Shibirg‘on" mahallasida Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunovning tashabbusi, tuman sektor rahbarlarining saʼy harakatlari bilan mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosi, uning yonida 100 nafar mahalla xotin-qizlarini doimiy ish bilan taʼminlashga xizmat qiluvchi tikuvchilik sexi hamda ushbu mahalla profilaktika inspektori va uning oila aʼzolari istiqomat qilishi uchun xizmat uyi qurilishi yakuniy bosqichiga yetib kelgan.
Boshqarma boshlig‘i ushbu mahallada bo‘lib, yangidan qurilgan mahalla binosi, tikuvchilik sexi va profilaktika inspektorining xizmat uyida amalga oshirilgan qurilish, obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Shundan so‘ng, viloyat 3-sektor rahbari Ikromjon Tursunov Shofirkon tumanida paxta-yig‘im terimi mavsumida terimchilarga yaratilgan sharoitlar, xavfsizlik choralarining ko‘rilgani, terim pullarining o‘z vaqtida berilishi yuzasidan o‘rganishlar olib bordi.
Jarayonda ilg‘or terimchilarni rag‘batlantirish maqsadida ularga esdalik sovg‘alarini ulashdi.
Shuningdek, o‘rganishlar davomida paxta terimi mavsumida hosilni payxon va talon-taroj qilinishini oldini olish, paxtani tashishga mo‘ljallangan transport vositalari va tirkamalar, terim otryadlarini uyushqoqlik bilan ko‘chirishda foydalanilayotgan avtobuslarning texnik xavfsizligini, yo‘llarda harakatlanish vaqtida harakat xavfsizligini taʼminlash ishlarini alohida nazoratga olish, ular bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarini sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik, shu bilan birga hasharchilarning xavfsizligini taʼminlash va ularga munosib mehnat sharoitlarini yaratib berish yuzasidan masʼullarga aniq vazifa hamda topshiriqlar berildi.
Bu kabi o‘rganishlar davom etmoqda.