26 Iyun 2024 yil 1667

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov tomonidan G‘ijduvon tumanida "Xavfsiz hudud" keng qamrovli profilaktik tadbirlariga jalb etilgan shaxsiy tarkib ishtirokida navbatdagi tungi xizmat oldi Yo‘riqnomasi o‘tkazildi

Xabaringiz bor, davlatimiz rahbarining Buxoro viloyatiga tashrifi yakunlari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda Buxoro viloyatini jinoyatdan xoli hududga aylantirish borasida mutasaddilarga manzilli topshiriqlar berilib, kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan ikki hudud Buxoro shahriga viloyat prokurori, G‘ijduvon tumaniga Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i masʼul etib biriktirilib, viloyat prokurori hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining qo‘shma farmoyishi ishlab chiqilgan holda Buxoro shahri hamda G‘ijduvon tumanida huquq-tartibot organlari va boshqa taalluqli mutasaddi idoralarning shaxsiy tarkibidan iborat alohida guruhlar tomonidan bir qator manzilli ishlar, tezkor hamda profilaktik tadbirlar boshlab yuborildi.

Jumladan, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i masʼul etib biriktirilgan G‘ijduvon tumanida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, mahallalarni jinoyatdan xoli hududga aylantirish, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, mahallalardagi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish, ayniqsa ishsizlik va kambag‘allikni bartaraf etish, migratsiyaga ketgan va qaytib kelgan shaxslar va ularning oila aʼzolari bilan manzilli ishlash, bugungi kunda sudlarda nizolashayotgan yoki nizoli oila sifatida profilaktik hisobga olingan oilalar bilan ishlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, ijroga qaratilgan.

Shu va boshqa bir qator tezkor profilaktik tadbirlarning borishi, kunlik nazorat tizimining qay tartibda tashkillashtirilganligini ko‘zdan kechirish maqsadida, bugun viloyat IIB boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov o‘zi masʼul etib biriktirilgan G‘ijduvon tumanida bo‘lib, harakatga keltirilgan "Xavfsiz hudud" keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirlariga jalb etilgan shaxsiy tarkib ishtirokida navbatdagi kengaytirilgan tungi xizmat oldi Yo‘riqnomasini o‘tkazdi.

Jarayonda mazkur tadbir doirasida shakllantirilgan guruhlar va masʼul rahbarlarning dastlabki ish natijalari tahlil qilinib, tezkor profilaktik hamda ijtimoiy profilaktik tadbirlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, ish samaradorligini oshirish yuzasidan o‘zining bir qator tavsiyalarini bildirib, masʼul rahbarlar, tuman sektor rahbarlariga bir qator ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.

"Xavfsiz hudud" keng qamrovli tezkor hamda profilaktik tadbirlari viloyatning boshqa barcha shahar va tumanlarida ham izchillik bilan davom ettirilmoqda.

Text to speech