25 Mart 2024 yil 4045

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash borasidagi muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi

Bugun, 25 mart kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov huzurida boshqarma apparati va barcha hududiy ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, tizimda sodir etilishi mumkin bo‘lgan turli korrupsiogen holatlarni oldini olish, murojaatlar bilan ishlashda sansolarlikka yo‘l qo‘ymaslik, taʼmagirlik va boshqa shunga o‘xshash salbiy holatlarni oldini olishga bag‘ishlangan muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda boshqarma boshlig‘ining barcha o‘rinbosarlari, tegishli sohaviy xizmatlar va o‘rta bo‘g‘in rahbarlari, videokonferens aloqa shaklida barcha hududiy ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.

Yig‘ilish kun tartibidagi asosiy masala hisoblangan o‘tgan hisobot yili va shu yilning o‘tgan davri mobaynida shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, xizmat o‘tashni tashkillashtirish borasida amalga oshirilgan ishlarning ahvoli, bu yo‘nalishdagi yo‘l qo‘yilib kelinayotgan tizimli kamchiliklar birma-bir muhokama qilinib, asosiy eʼtibor kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga qaratildi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan ochiq muloqotda, o‘z xizmat vazifalariga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan bir necha xodimlarga nisbatan qattiq intizomiy taʼsir choralari qo‘llanildi.

Yig‘ilish davomida kelgusidagi ustuvor vazifalar, xodimlar o‘rtasida xizmat intizomi hamda qonuniylikni mustahkamlashga doir amalga oshirilishi lozim bo‘lgan manzilli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Jumladan, ichki ishlar organlarida kadrlar siyosatini to‘g‘ri va adolatli olib borish, tizimni xalqchil tuzilmaga, fuqarolarning chinakam himoyachisiga aylantirish, xodimlarni Vataniga va kasbiga sadoqat ruhida tarbiyalash, taraqqiyotning eng asosiy to‘siqlaridan biri bo‘lgan korrupsiya balosiga qarshi keskin va ayovsiz kurash olib borish lozimligi qayd etib o‘tildi.

Bu kabi muhokama yig‘ilishlari tizimli olib borilishi, xizmat intizomi va qonunchilik talablarini buzgan har qanday toifadagi masʼul rahbar va xodimlarga nisbatan keskin taʼsir choralari qo‘llanilishi qatʼiy belgilandi.

Text to speech