Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Ikromjon Tursunov tomonidan navbatdagi tezkor yig‘ilish o‘tkazildi
Bugun o‘tkazilgan tezkor yig‘ilishda boshqarma boshlig‘ining barcha o‘rinbosarlari, tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlari, hududiy ichki ishlar organlar rahbarlari ishtirok etdi.
Dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvar kunidagi "2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi 1-sonli Qarori talablaridan kelib chiqib, Buxoro shahar “M.Ashrafiy” mahallasi “Maksim Karim” ko‘chasi misolida tayyorlangan loyiha asosida joylarda raqamlashgan, xavfsiz, namunali va obod ko‘chalarni barpo etish masalalari muhokama qilindi.
Shundan so‘ng, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik Avazbek Inomov masʼulligida Shofirkon tumanini intellektual kameralar bilan jihozlash va to‘liq qamrovga olish borasida ishlab chiqilgan loyiha taqdimoti ham o‘tkazildi.
Bundan tashqari, bugungi kunga qadar viloyatimiz hududlarida sodir etilgan jinoyatlar, ularning kelib chiqishiga omil bo‘lgan sabablar tanqidiy tahlil qilinib, ochilmagan jinoyatlarni issiq izidan fosh etish, qidiruvdagi shaxslarni ushlash, bedarak yo‘qolganlarni aniqlash;
- surishtiruv, tergovga qadar tekshiruv hamda tergov harakatlarini sifatli o‘tkazish, “E-material” tizimiga kelib tushayotgan hujjatlarni kundalik nazorat qilish va qonuniy qaror qabul qilinishini taʼminlash;
- mavjud 544 ta mahallalarda jinoyatchilikni oldini olish yuzasidan ishlab chiqilgan yo‘l xaritalarning ijrosi, 79 ta qizil toifali mahallalarga biriktirilgan masʼullarning ish faoliyatidagi kamchiliklar, muqaddam sudlagan, probatsiya nazorati ostidagilar, profilaktik hisobda turganlar bilan ishlash, xotin qizlar, yoshlar hamda voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi tezkor hamda profilaktik tadbirlarning natijalari, kiberjinoyatchilikni oldini olish borasidagi ishlar;
- murojaatlar bilan ishlash borasidagi yo‘l qo‘yib kelinayotgan kamchiliklar;
- shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomi va ijro intizomini mustahkamlash, qonuniylikni taʼminlash masalalari birma bir tanqidiy tahlillar asosida muhokama qilindi.
Ko‘tarilgan har-bir masala yuzasidan tegishli sohaviy xizmatlar masʼullari, hududiy ichki ishlar organlari rahbarlariga aniq topshiriqlar berilib, topshiriqlar ijrosini belgilab berilgan sanada bajarib axborot berish, bunda rahbarlar qo‘l ostidagi shaxsiy tarkibga shaxsiy namuna ko‘rsatib, kundalik vazifalarni to‘g‘ri taqsimlagan holda nazorat qilishlari qatʼiy talab qilindi.