Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov huzurida kriminogen vaziyati og‘ir qizil toifaga kirgan mahallalarda jinoyatchilikni oldini olish borasidagi ishlar muhokamasi o‘tkazildi
Bugun, 7 dekabr kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida boshliq polkovnik M.Yu.Miralimov huzurida mahallalarda jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlarning ahvoli, viloyat hududidagi jinoyatchilik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan, kriminogen vaziyati og‘ir, “qizil” toifadagi 137 ta mahallalarda amalga oshirilgan ish natijalari yuzasidan muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlari, shuningdek, viloyat IIB dan “qizil” mahallalarga biriktirilgan masʼul xodimlar hamda videokonferensiya orqali barcha shahar va tuman hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari va xodimlari ishtirok etdilar.
Muhokamada sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, ularga omil bo‘layotgan shart-sharoitlar birma-bir tahlil qilindi.
Boshqarma boshlig‘i mahallalarning kriminogen vaziyatiga taʼsir qilayotgan omillar, kompleks yondashuv asosida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish, salmog‘i yuqori bo‘lgan jinoyatlarni oldini olishning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda maxsus kontingent bilan ishlashning zamonaviy uslublarini qo‘llashga doir alohida topshiriqlar berdi.
Shuningdek, kelgusida jinoyatchilikni oldini olish maqsadida, 10-sonli qo‘shma qaror talablaridan kelib chiqib “qizil”toifadagi mahallalarda “xonadonbay”, “oilabay” va “fuqarobay” tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilish davomida o‘ziga biriktirilgan qizil toifaga kirgan mahalla hududida yetarli darajada profilaktik tadbirlarni amalga oshirmagan masʼul rahbarlar va profilaktika inspektorlariga nisbatan intizomiy taʼsir choralari qo‘llash yuzasidan qarorlar qabul qilindi. Bundan tashqari ushbu toifa mahallalarda kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan keng ko‘lamli profilaktik tadbirlar yuzasidan masʼullarga aniq muddatlari belgilangan topshiriqlar berildi.