18 Dekabr 2024 yil 1167

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov huzurida kengaytirilgan tarkibdagi tanqidiy-tahliliy muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi

Boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlari, videokonferensaloqa tizimi orqali hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari hamda barcha shaxsiy tarkib ishtirokida o‘tkazilgan tanqidiy-tahliliy muhokama yig‘ilishida quyidagi masalalar:

- joriy yilning 9 dekabr kuni boshqarma boshlig‘i huzurida o‘tkazilgan tezkor yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlashning holati;

- viloyatda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida sodir etilgan oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyat va huquqbuzarliklarning kelib chiqishiga omil bo‘lgan sabab hamda shart-sharoitlar;

- yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayram tadbirlari davomida jamoat transportlari, bozorlar, savdo majmualari hamda rastalarida sodir etilishi ehtimoli yuqori bo‘lgan o‘g‘rilik (kissavurlik) jinoyatlarini oldini olishga qaratilgan tezkor hamda profilaktik tadbirlar samaradoligini oshirish;

- qidiruv eʼlon qilingan shaxslarni ushlash hamda mavhum holatda sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish choralarini ko‘rish orqali javobgarlikning muqarraligini taʼminlash, shuningdek  bedarak yo‘qolganlarni topish;

- tergov sifatini oshirish, surishtiruv, tergovga qadar tekshiruv hamda dastlabki tergov harakatlari davomida qonuniylikni taʼminlash;

- jinoyat, huquqbuzarlik va boshqa hodisalar to‘g‘risida 102 maxsus avtomatlashtirilgan tizim orqali kelib tushayotgan xabarlar, ariza va boshqa murojaatlar yuzasidan tez va sifatli surishtiruv, tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib borib, qonuniy qaror qabul qilish;

-"E material" elektron tizimiga joylangan materiallar bo‘yicha belgilangan muddatlarda qonuniy qarorlar qabul qilib, javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash;

- maʼmuriy nazorat qonuni taʼsiri ostiga tushuvchi muqaddam sudlanganlar bilan olib boriladigan profilaktik tadbirlarni kuchaytirish;

- doimiy yashash manzili va mashg‘ulot turiga ega bo‘lmagan, maqsadsiz yurgan shaxslarni belgilangan meʼyoriy hujjatlar asosida Reabilitatsiya markazlariga joylashtirish;

- ov qurolini saqlash tartib-qoidalariga bo‘ysunmagan shaxslar bilan profilaktik ishlarni kuchaytirish, barcha ov quroliga ega bo‘lgan fuqarolar bilan yakka tartibdagi profilaktik suhbatlar olib borib, qurollarning saqlanish tartib qoidalari yuzasidan tekshiruvlar o‘tkazish;

- ichki ishlar organlariga kelib tushayotgan oila turmush doirasidagi kelishmovchiliklar to‘g‘risidagi murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha “Vobkent tajribasi” asosida muhokamalarni sifatli o‘tkazish, mavjud muammolarni hal qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash;

- muqaddam sudlanganlar, probatsiya nazorati ostida, ichki ishlar organlari hamda sog‘liqni saqlash muassasalarining hisobida turuvchi shaxslar bilan olib borilayotgan tezkor, profilaktik hamda hamkorlikdagi manzilli ishlar;

- huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo komissiyasiga aʼzo idoralar masʼullari bilan hamkorlikda oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarni barvaqt aniqlash va oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar;

-voyaga yetmaganlar, yoshlar va ayollar tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida, ayniqsa, uzoq muddatga chet elga chiqib ketgan yoki qaytib kelgan fuqarolar, ularning oila aʼzolari, qarovsiz qolgan voyaga yetmagan farzandlari bilan manzilli profilaktik tadbirlarni kuchaytirish;

- viloyatning barcha mahallalarida tuzilgan “Migrantlar” telegramm kanallari orqali uzoq muddatga yashash, ishlash, o‘qish va boshqa maqsadlarda chiqib ketgan fuqarolarimiz bilan aloqa bog‘lab, ularning holidan xabar olish, muammolarini o‘rganib ularga har tomonlama ko‘mak berish;

- hududlarda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, kameralashtirish, yashil energiya manbalari, xususan quyosh panellarini o‘rnatish va uning afzalliklari yuzasidan korxona, tashkilot va muassasalar, savdo va xizmat ko‘rsatish shaxobchalari, aholi xonadonlarida targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini kuchaytirish bilan birga, aniq reja asosida manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish;

- pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlashga doir manzilli, tezkor hamda profilaktik tadbirlar surʼatini oshirish;

- ko‘cha va jamoat joylarida sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasidagi profilaktik reyd tadbirlarini kuchaytirish;

- muqaddam berilgan topshiriqlarda nazarda tutilgan joriy yilning jinoyatchilik tahlillaridan kelib chiqib, barcha sohaviy xizmatlar hamda hududiy ichki ishlar organlari tomonidan o‘zlarining xizmat vazifalari doirasi hamda hududarning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, kelgusi 2025 yilda amalga oshiriladigan manzilli ishlarga doir “Yo‘l xarita” larini ishlab chiqib, taqdimot qilishi;

- “Xavfsiz va obod mahalla” tamoyili asosida hududlar infratuzilmasini yaxshilash, zamonaviy kuzatuv kameralarni o‘rnatish;

- kiberjinoyatlarni oldini olishga qratilgan targ‘ibot tadbirlarining yangi usullarini qo‘llash bo‘yicha takliflar tayyorlash va bu boradagi manzilli ishlarni kuchaytirish;

- viloyat ichki ishlar organlarining barcha sohalarini raqamlashtirish orqali ish samaradorligiga erishish;

- yo‘llarda harakat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan yo‘l infratuzilmasi va o‘tkazuvchanligini yaxshilashga doir qurilish taʼmirlash, yo‘l belgilari bilan jihozlash ishlarini hamkor tashkilotlar bilan birgalikda jadallashtirib, qo‘pol qoidabuzarliklarni aniqlash maqsadida reyd tadbirlarini kuchaytirish;

- shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat va ijro intizomi hamda qonuniylikni mustahkamlash, xodimlar tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan har qanday korrupsiogen holatlarga chek qo‘yish, bunday salbiy holatlarni oldini olishga doir manzilli ishlarni kuchaytirish;

- kundalik xizmatni olib borishga jalb etilgan xodimlarning o‘z vazifalarini bajarishga layoqatini o‘rganish borasidagi ishlarni kuchaytirib, xizmat oldi Yo‘riqnomalarni sifatli o‘tkazish, shaxsiy tarkibning maʼnaviy maʼrifiy dunyoqarashini, jangovar shayligi, hushyorlik hamda ogohlikni kuchaytirgan holda xizmat olib borishlarini taʼminlash;

- viloyat hududida o‘tkazilishi rejalashtirilgan ommaviy tadbirlar, xususan, yaqinlashib kelayotgan "Yangi yil" tantanalari vaqtida, bayram archasi o‘rnatilgan hududlarda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday favqulodda holatlar va ko‘ngilsiz hodisalarni oldini olishga doir bajarilishi lozim bo‘lgan manzilli ishlarni amalga oshirish masalalari birma bir muhokama qilindi.

Ko‘tarilgan har-bir masala yuzasidan tegishli sohaviy xizmatlar masʼullari, hududiy ichki ishlar organlari rahbarlariga aniq topshiriqlar berilib, eng avvalo muqaddam belgilab olingan yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni bekamu ko‘st bajarish lozimligi qatʼiy talab qilindi.

Boshqarma boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov o‘z so‘zi yakunida, “intizom, fidoyilik va halollik bilan ish samaradorligiga erishish mumkinligini, qatʼiy tartib-intizom har qanday rahbarning o‘zida bo‘lishi, u kundalik reja asosida qo‘l ostidagi shaxsiy tarkibga topshiriqlarni aniq va to‘g‘ri taqsimlashi, shaxsiy namuna ko‘rsatib odilona boshqaruv asosida berilgan barcha topshiriqlarning ijrosini taʼminlashi lozimligini uqtirib o‘tdi.

Text to speech