Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunov viloyat 3-sektoriga qarashli G‘ijduvon tumanida og‘ir mahalla toifasiga kiritilgan Toshloq hamda Oqrabot mahallalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar bilan yaqindan tanishdi
Bugungi kunda Davlatimiz rahbarining "2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi 1-son Qarori hamda "Raqamlashgan, obod va xavfsiz mahalla" tamoyili asosida viloyatimizning 55 ta og‘ir toifali mahallalarida manzilli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, boshqarma boshlig‘i boshchiligida 3-sektor shtabi aʼzolari va tegishli korxona va tashkilotlardan iborat ishchi guruhlar vakillari tomonidan G‘ijduvon tumanining og‘ir mahallalari bo‘lgan “Toshloq” hamda "Oqrabot" mahallalarida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, kommunikatsiya tarmoqlari, infratuzilma holatini yaxshilash, aholini qiynab kelayotgan tizimli muammolarni hal etish orqali obod va xavfsiz go‘shaga aylantirish maqsadida keng ko‘lamli tozalash-obodonlashtirish, qurilish-taʼmirlash, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasidan ushbu mahallaga biriktirilgan masʼullar, hududiy sektor rahbarlari va mahalla “yettiligi” ishtirokida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida boshqarma boshlig‘i ko‘chama-ko‘cha, xonadonma-xonadon yurib, ushbu mahalla faollari va aholi bilan muloqot o‘tkazdi va jarayonda aholini qiynab kelayotgan mavjud ijtimoiy-maishiy muammolarni aniqlab, ularni bartaraf etish borasida topshiriqlar berdi.
Prezidentimizning "Kambag‘allikdan farovonlik sari" Dasturi, shuningdek, "Sayxunobod", “Uychi”, “Zarbdor” va “G‘ijduvon” tumanlari tajribalari asosida aholining doimiy daromad manbaini oshirish, bir ko‘cha bir mahsulot tamoyili asosida mahalla drayverini yaratish, xonadonlarning tomorqalaridan unumli foydalanish, bunda kichik hajmli issiqxonalarning afzalliklarini keng targ‘ib qilish, tadbirkorlik, hunarmandchilik, chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirib, pirovardida ishsiz va migratsiyada yurib qiynalgan fuqarolarimizni doimiy va daromadli ish bilan taʼminlash masalalarini ko‘rib chiqdi.
Bundan tashqari, mahallaning ichki yo‘llarida harakat xavfsizligini taʼminlash, piyodalar, ayniqsa voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarini oldini olish maqsadida barpo etilayotgan “Xavfsiz ko‘cha” va “Xavfsiz yo‘lak” loyihalari doirasida olib borilayotgan ishlarni ham ko‘zdan kechirdi.
Bugungi kundagi eng dolzarb vazifalardan biri bo‘lgan hududlarni raqamlashtirishga ham alohida eʼtibor qaratilib, zamonaviy videokuzatuv moslamalari bilan taʼminlangan ushbu mahallalarning nazoratga olinmagan muhim nuqtalari, maktab va uning ochiq sport maydoni, aholi xonadonlari, maishiy va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida xavfsizlikni taʼminlash maqsadida qo‘shimcha intellektual videokuzatuv kameralarini o‘rnatish, qo‘riqlash pultiga ulanish, shuningdek, energiya tejovchi zamonaviy texnologiyalarning imkoniyatlaridan oqilona foydalanishning afzalliklarini tushuntirish orqali quyosh panellarini o‘rnatish borasidagi manzilli ishlarni kuchaytirish borasida ham ko‘rsatmalar berildi.
Ushbu ikki og‘ir toifali mahalla hududidan o‘tuvchi yo‘llar va ichki ko‘chalarda tozalash, obodonlashtirish ishlarini jadallashtirish, "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida manzarali va mevali daraxt ko‘chatlarini ekish, fermer xo‘jaliklarining qishloq xo‘jaligi yerlarida, bog‘ va tokzorlarda bahorgi agrotexnik tadbirlarni olib borish, ariq va zovurlarni tozalash, betonlashtirish kabi ishlarni bajarish yuzasidan berilgan vazifalarning ijrosi ham nazorat tartibida o‘rganilib, qo‘shimcha tavsiya va topshiriqlar berildi.
Bu kabi o‘rganishlar davom ettirilmoqda.