Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov olis “Jongeldi” ovulida bo‘ldi
Peshku tumani markazidan sal kam 200 kilometr uzoqlikda joylashgan, maʼmuriy tuzilishi jihatdan Safron, Qalʼa Ota va Jongeldi qishloqlaridan iborat “Jongeldi” mahalla fuqarolar yig‘inidagi keng yaylovlarda asosan chorvadorlik, yilqichilik, shuningdek, tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelinmoqda.
Asosan qozoq millatiga mansub qardoshlarimizdan tarkib topgan ovulda 160 ta xonadonda, 208 ta oila, 760 nafar aholi istiqomat qilmoqda.
Jongeldida yashovchi mahalliy aholi vakillari uchun hozirda 3 ta umumtaʼlim maktabi, 2 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti hamda 10 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy qishloq uchastka kasalxonasi, ijtimoiy dorixona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Xususan, cho‘lquvarlar ovulida zarur infratuzilma, elektr energiyasi, yo‘l, issiqlik tizimi, isteʼmolga yaroqli toza ichimlik suv taʼminoti, suvoqava tarmog‘ini qurish va talab darajasida taʼminlash ishlari bugungi kunga kelib to‘liq bajarilgan.
Mavjud ijtimoiy soha obyektlari taʼmirlangan. Zamonaviy bolalar maktabgacha taʼlim tashkiloti foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, savdo va xizmat ko‘rsatish shaxobchalari barpo etilib, aholiga zarur shart-sharoit yaratib berilgan.
Birgina aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tarmog‘ida yuz berayotgan yangilanishlarni olsak, “Obod qishloq” davlat dasturi asosida ovul poliklinikasini qurish va jihozlashga byudjet hisobidan 3,8 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, zamon talabiga mos inshootning muhandislik–kommunikatsiya tarmog‘i, yaʼni muqobil isitish qozonxonasi, elektr energiyasi va toza suv taʼminoti shay holga keltirilgan.
Bugun, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov, tuman hokimi va boshqa setor rahbarlari, taalluqli mutasaddilar bilan birgalikda yaqinlashib kelayotgan “Yangi yil” bayrami oldidan olis ovul aholisining kayfiyatini ko‘tarish, ularning holidan xabar olish, bu manzilda faoliyat olib borayotgan ijtimoiy soha oyektlari, jumladan, maktabgacha taʼlim tashkiloti, umumiy o‘rta taʼlim maktabi, qishloq uchastka kasalxonasi va aholi xonadonlarida yaratilgant shart-sharoitlarni o‘rganish maqsadida Jongeldi ovuliga tashrif buyurishdi.
Boshqarma boshlig‘i ovuldagi o‘rganishlari doirasida bevosita mahalliy cho‘lquvarlarning turmush tarzi va yashash sharoiti bilan yaqindan tanishgani holda ularning kundalik tashvish–muammolari bilan qiziqdi. Murojaatlariga quloq tutib, ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar xonadonlariga borib, ushbu toifa fuqarolarning holidan xabar oldi.
Shuningdek, ovulda "Yangi yil" bayrami munosabati bilan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi tashkil etilib, yurtdoshlarimizning talab va istaklaridan kelib chiqib 30 dan ortiq maxsulotlarning arzonlashtirilgan savdosi yo‘lga qo‘yildi.
Aytish joizki, olis ovulda bo‘layotgan bu kabi o‘zgarishlar, yurtdoshlarimizni ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, oilalar moddiy manfaatdorligi va turmush darajasini yaxshilashga xizmat qiladi. Farovonlik sari yuz burgan “Jongeldi” mahallasi aholisi ham bugungi turmushidan rozi bo‘lib, vatan taraqqiyotiga o‘zlarining munosib hissaslarini qo‘shadilar desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Yaqinlashib kelayotgan “Yangi yil” bayrami tadbirlari oldidan bu kabi tadbirlar viloyatning barcha mahallalarida, ayniqsa chekka qishlog‘u ovullarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, tasdiqlangan reja asosida amalga oshirib kelinmoqda.