1 Aprel 2024 yil 4136

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov boshchiligida Qorako‘l tumanining “Solur”, “Sayot”, “Sho‘robod” hamda “Qorako‘l” mahallalarida keng ko‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari boshlandi

Bu bordagi chora-tadbirlar dastlab bajarilishi lozim bo‘lgan ishlarni belgilab olishdan boshlandi. O‘tkazilgan yo‘riqnomada tuman sektor rahbarlari, viloyat 3-sektor shtabi aʼzolari, taalluqli tashkilotlar, mahalladagi “yettilik” vakillari, keng jamoatchilik hamda hudud faollari ishtirok etdi.

Bugungi kunda butun dunyoda iqlim o‘zgarishi natijasida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish zarurati paydo bo‘lmoqda. Shuning uchun ham yangi o‘n yillikning asosiy yo‘nalishlaridan biri bu atrof-muhitni muhofaza qilish va ko‘kalamzorlashtirishdir.

Yurtimizda ham atrof-muhitga salbiy taʼsirni kamaytirish, tabiiy ekotizimlarni saqlash va tiklash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan joriy etilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi ushbu ishlarning mantiqiy davomi bo‘lmoqda.

Shunga binoan dastlab, atrof muhit turli chiqindi va qurib qolgan o‘t o‘lanlardan tozalandi.

Shundan so‘ng “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tumanning cho‘llashgan oborotdan chiqqan yerlarida, avtomobil yo‘llari yoqalari, klaster va fermer xo‘jaliklarining ekin yerlari hamda dala chetlari, ijtimoiy soha obyektlari, xizmat ko‘rsatish tashkilotlari, mahallalardagi xonadonlarning yerlariga tuproq va iqlim sharoitiga mos keluvchi mevali hamda manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.

Tuzilgan ishchi guruh vakillari tomonidan ko‘chama-ko‘cha, uyma-uy yurib, bevosita mahalla faollari, oqsoqollar, keksa nuroniylar, faollar bilan uchrashib, aholini qiynab kelayotgan muammolar va mahallalardagi yechimini kutayotgan ijtimoiy-iqtisodiy masalalar o‘rganilib, ularni tezkor va samarali hal qilish bo‘yicha manzilli choralar ko‘rilmoqda.

Shuningdek, mahallalarda kerakli texnika va ishchi kuchi jalb qilinib, yo‘llarni tekislash, ariq-zovurlarni tartibga keltirish, yon-atrofni obodonlashtirish kabi ishlar ham amalga oshirilmoqda.

Text to speech