23 Iyun 2024 yil 1540

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov Vobkent tumanining "Cho‘rikalon" mahallasida "Obod va xavfsiz xonadon" tamoyili asosida jinoyat hamda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga doir o‘rganish ishlarini olib bordi

Bugungi kunda, viloyatda qotillik, turli darajadagi tan jarohati bilan bog‘liq jinoyatlar ko‘p sodir etilmoqda. Ayniqsa oila va turmush doirasida sodir etilayotgan bu turdagi jinoyatlar hududlarda mahalla yettilik vakillari, shuningdek, huquq-tartibot organlari hamda boshqa taalluqli idoralar masʼul xodimlarining hamkorlikda yetarli darajada ish olib bormayotganidan dalolat bermoqda.

Shu bois, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov tomonidan viloyatning barcha mahallalarida sodir etilgan oila turmush doirasidagi jinoyatlar chuqur tahlil qilinib, jinoyatlarning sodir etilishiga olib kelgan omillar, imkon bergan shart-sharoitlar o‘rganildi va bugungi kunda sudlarda nizolashayotgan, ajrim yoqasiga kelib qolgan, narkologik va ruhiy asab kasalliklari dispanseri ro‘yxatida turgan fuqarolar yashab kelayotgan hamda nizoli oila sifatida profilaktik hisobga olingan xonadonlar ro‘yxati shakllantirilib, ularning mavjud muammolarini, nizolari sabab va oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.

Mazkur rejaga muvofiq bugun, boshqarma boshlig‘i Vobkent tumanida bo‘lib, tumanning "Cho‘rikalon" mahallasida istiqomat qiluvchi N.O. xonadoniga tashrif buyurdi.

Xonadon sohibi 1962 yilda tug‘ilgan fuqaro, spirtli ichimlik isteʼmol qilishga ruju qo‘ygan shaxs sifatida, 1981 yilda tug‘ilgan P.S. bilan ajrim yoqasiga kelgan nizoli oila sifatida tuman Ichki ishlar bo‘limining profilaktik hisobiga olingan.

Ushbu xonadonda kelgusida oila turmush doirasida og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etilishi mumkin bo‘lgan joy sifatida alohida nazoratga olingan.

Mazkur oiladagi muammolar va nizoning sabablarini aniqlash uchun xonadonga borgan Ikromjon Tursunov, tuman hokimi boshchiligidagi hududiy sektor rahbarlari, mutasaddi idoralar masʼullari, mahalla yettilik vakillari hamda follar ishtirokida joyida o‘rganish ishlarini olib bordi.

O‘rganish davomida, oilada mavjud barcha muammolar, er va xotin hamda farzandlar o‘rtasidagi nizoning tub sabablari chuqur tahlil qilindi.

Boshqarma boshlig‘i tomonidan mutasaddi idoralar vakillari, mahalla faollarining taklif va tavsiyalari eʼtiborga olinib, mazkur oilani "Obob va xavfsiz xonadon" tamoyili asosida ijobiy tomonga o‘zgartirish, muammolarini bartaraf etish, nizoning yechimiga doir masʼullarga aniq va manzilli topshiriqlar berildi.

Bu kabi o‘rganishlar kelgusida sodir etilishi mumkin bo‘lgan qotillik va turli darajadagi tan jarohati bilan bog‘liq oila turmush doirasidagi jinoyatlarni oldini olishda ijobiy samara beradi, albatta.

Shu sababli, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga doir bunday o‘rganishlar viloyatning barcha mahallalarida belgilab olingan kontingent va reja asosida bosqichma-bosqich davom ettiriladi.

Text to speech