Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov boshchiligida boshqarma shaxsiy tarkibi ishtirokida maʼnaviyat va maʼrifat darsi o‘tkazildi
"Korrupsiya - taraqqiyotga jiddiy to‘siq" mavzusida o‘tkazilgan maʼrifat darsida mavzu yuzasidan MMI va KBTX xodimlari hamda Buxoro muhandislik texnologiya instituti dotsenti Feruz Bafoyev maʼruza qildi.
Jarayonda xodimlarga xizmat intizomiga hamda qonunchilikka rioya qilish, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala bo‘lish, xizmat vazifasini bajarishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik, xizmatga taalluqli bo‘lmagan ishlarga aralashmaslik yuzasidan tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Xizmat mobaynida poraxo‘rlik va tamagirlik hamda korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, xizmatga sovuqqonlik bilan qaragan, vakolat doirasidan chetga chiqqan xodimlarga qatʼiy chora ko‘rilishi alohida taʼkidlandi.
Maʼrifat darsi davomida o‘z xizmat vazifasiga sidqidildan yondashgan safdoshlariga o‘rnak bo‘lib, fuqarolarimizning qonuniy haq-huquqlarini himoya qilish, jinoyatchilikni oldini olishda o‘zing munosib hissasini qo‘shib ketayotganligi uchun, Shofirkon tumani IIB boshlig‘i podpolkovnik Azamat Ismoilov uchinchi darajali "Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun" ko‘krak nishoni bilan, Jondor tumani IIB 1-son IIB boshlig‘i podpolkovnik Nurmat Niyozov Ichki ishlar vazirligining esdalik qo‘l soati bilan taqdirlandi.
Shuningdek, bir guruh maxsus unvon olgan xodimlar IIB boshlig‘i tomonidan taqdirlandi.
"8 dekabr - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun" munosabati bilan viloyat ichki ishlar organlari xodimlari hamda 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan viloyatimiz fuqarolari o‘rtasida o‘tkazilgan “Konstitutsiya bilimdoni” intellektual-tanlovining g‘oliblari ham diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.