10 Oktyabr 2024 yil 1264

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmati tashabbusi bilan navbatdagi Press-tur tashkil etildi

Buxoro viloyatida huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini tashkil etish, sohani raqamlashtirish orqali yangi innovatsion texnologiyalarni joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ularning natijalari hamda galdagi vazifalar xususida axborot berish, tizimda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida Press-tur o‘tkazildi.

Press-turni boshqarma Axborot xizmati boshlig‘i podpolkovnik Shuxrat Jalolov ochib berib, media tadbirning borishi hamda sohaga doir umumiy maʼlumotlarni yetkazish uchun so‘zni mazkur sohaning boshlig‘i polkovnik Karomat Radjabovga berdi.

Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Karomat Radjabov press-tur kun tartibi bilan yig‘ilganlarni tanishtirib, Huquqbuzarlik profilaktikasi boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar borasida maʼlumot berdi.

Shundan so‘ng, shahar-tuman profilaktika inspektorlari bilan “Onlayn yo‘riqnoma” jarayoni o‘tkazildi. Bunda Ommaviy axborot vositalari vakillariga yo‘riqnoma o‘tkazish tartibi to‘liq tushuntirildi.

Shu bilan birga, Ommaviy axborot vakillariga “E-ma‘muriy ish”, “E-Ijtimoiy profilaktika”, “E-Muhokama” elektron platformalarining ishlash tartibi, ushbu loyihalar amaliyotga tadbiq etilganidan so‘ng erishilgan natija va ish samaradorligiga qilgan ijobiy taʼsiri xususida maʼlumotlar taqdim etildi.

Shuningdek, “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni hisobga olish yagona axborot tizimi” moduli doirasida viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar borasida ham axborot berildi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi bilan tashkil etilgan Press-turning navbatdagi manzili Buxoro shahridagi “Oydin nur” oilani ijtimoiy, huquqiy himoyalash markazi bo‘ldi.

Bu yerda Ichki ishlar boshqarmasi hamda Markaz hamkorligida og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, oilaviy, maishiy tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, odam savdosi qurboniga aylangan mehnat muhojirlari, ilgari sudlanganlar va yakka yolg‘iz ayollarga ko‘rsatilayotgan amaliy yordamlar xususida maʼlumotlar berildi.

Buxoro viloyat IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish Markazi 1984 yilda tashkil qilingan. Ommaviy Axborot vositasi vakillari shu kuni ushbu Markazning faoliyati bilan ham yaqindan tanishishdi.

Bu yerda ota-ona yoki ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxslar nazoratisiz va qarovisiz qolgan, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan oilalarda yashayotgan hamda davlat va jamoatchilik yordamiga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoshlar bilan ishlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida maʼlumotlar taqdim etildi.

Press-tur ishtirokchilarining keyingi manzili Buxoro tumani Rabotiqalmoq Mahalla huquq-tartibot maskani bo‘ldi.

"Raqamlashgan Obod va xavfsiz" mahalla tamoyili asosida qaytadan bunyod etilgan maskan OAV vakillarining diqqat markazida bo‘ldi.

Jarayonda, bugungi kunda aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolariga yechim topish, hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida mahalla yettilik vakillarining hamkorlikdagi ish faoliyati bilan tanishildi.

Rabotiqalmoq mahallasi to‘liq kameralashtirilgan bo‘lib, ushbu zamonaviy kameralar profilaktika inspektorining xizmat xonasiga integratsiya qilingan. Press-tur ishtirokchilari ushbu tizim bilan ham yaqindan tanishishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi 2020 yil 5 oktyabr kunidagi Farmoni asosida “Axborot tizimlarini integratsiya qilish orqali maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni elektron shakllantirish, ko‘rib chiqish va hisobini yuritish to‘g‘risida”gi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Ichki ishlar vazirligining 2021 yil 29 sentyabr kunidagi qo‘shma qarori imzolangan.

Mazkur qo‘shma qaror asosida 2021 yil sentyabr oyidan boshlab, profilaktika inspektorlari tomonidan ko‘rib chiqiladigan maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni to‘liq elektron shaklga o‘tkazilishi, shuningdek profilaktika inspektorlarining sud majlislarida “masofaviy” mobil videokonferensaloqa tarzida qatnashish tartibi joriy etildi.

Unga ko‘ra, yashash manzili sud binosidan uzoq joylarda yashaydigan, sudga kela olmasligi bo‘yicha uzrli sabablari bo‘lgan (ish, kasallik) hollarda maʼmuriy ish hujjatlarining skaner varianti «E-ma‘muriy ish» tizimi orqali bazaga yuklanadi va sud tomonidan qabul qilinib, sud muhokamasi vaqti belgilanadi.

Rabotiqalmoq Mahalla huquq-tartibot maskanida bo‘lgan media tur doirasida OAV vakillari “Online sud” jarayoni bilan ham tanishishdi.

Davlatimiz Rahbarining joriy yil 31 may – 1-iyun kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida profilaktika inspektorlari uchuvchisiz uchadigan apparatlar bilan taʼminlandi.

Press-tur davomida ushbu tajriba ham o‘rganildi. Bunda mahalla hududida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, xizmat samaradorligi va tezkorligini oshirish, turli nostandart vaziyat va hududlarda fuqarolar xavfsizligini ishonchli taʼminlashda dronlarning ahamiyati yuqori bo‘layotgani alohida taʼkidlandi.

Shundan so‘ng, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda viloyat hokimligi xotin-qizlar boshqarmasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan qo‘shma Dastur asosida ayollar jinoyatchiligini oldini olish maqsadida tashkil etilgan “Muqadassan ayol” mobil targ‘ibot guruhining faoliyati bilan tanishildi.

 

Shu bilan birga, Press-tur ishtirokchilari ushbu mahalladagi ishsiz xotin-qizlarning bandligini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan tikuvchilik korxonasida bo‘lishdi.

Press-tur doirasidagi so‘nggi manzil, Rabotiqalmoq mahallasi profilaktika katta inspektori kapitan Shahob Ismoilovning xizmat uyi bo‘ldi. Bu yerda xodim hamda uning oila aʼzolari yashashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishilib, samimiy suhbat olib borildi.

Press-tur davomida OAV vakillari, mustaqil jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javoblar olishdi va tizim samaradorligini oshirishga doir bir qator takliflarni bildirishdi. Ular tomonidan bildirilgan takliflar yuzasidan zaruriy chora -tadbirlar belgilab olindi.

Text to speech