23 Iyun 2025 yil 1282

Buxoro viloyati ichki ishlar organlarining 5 oy 20 kunlik ish natijalari tanqidiy tahlil qilindi

Bugun, 23 iyun kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida kengaytirilgan tarkibdagi haftanoma yig‘ilishi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasini xor bo‘lib ijro etishdan boshlangan videokonferensiya aloqa tizimi asosida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat studiyasidan Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining barcha o‘rinbosarlari, sohaviy xizmatlar rahbarlari va shaxsiy tarkib, hududiy studiyalardan ushbu hududlarga viloyat IIBdan biriktirilgan masʼul sohaviy xizmat rahbarlari, shahar va tumanlar ichki ishlar organlarining to‘liq shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.

Dastlab, maʼnaviyat va maʼrifat darsi doirasida “26 iyun Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni munosabati bilan “Giyohvandlik - umr zavoli”” mavzusida maʼruza qilindi. Shundan so‘ng:

-joriy yilning 5 oy 20 kunida viloyatda sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarning tahlili, shu jumladan:

- kundalik kelib tushayotgan turli hodisa, huquqbuzarlik va jinoyatlarga doir xabar va arizalar, shu jumladan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, ayniqsa takroriy murojaatlar bilan ishlash borasida yo‘l qo‘yib kelinayotgan kamchiliklar;

- “E-material” elektron platformasiga joylashtirilgan materiallarni kundalik nazorat qilish va qonuniy qaror qabul qilinishini taʼminlash;

- qo‘zg‘atilishi mumkin bo‘lgan materiallar yuzasidan surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv, jinoyat ishlari doirasida dastlabki tergov harakatlarini sifatli va to‘laqonli o‘tkazib qonuniy qaror qabul qilinishini taʼminlash, sud-tergov organlaridan yashirinish ehtimoli yuqori bo‘lgan gumon qilinuvchi va ayblanuvchilarga nisbatan ehtiyot choralarini to‘g‘ri tanlash, bu jarayonda jinoyatlarni hisobdan yashirishga umuman yo‘l qo‘ymaslik;

- Buxoro viloyati hokimligi, Prokuratura, IIB, DXX, Milliy gvardiya, Favqulotda vaziyatlar, Sog‘liqni saqlash, Mahalla uyushmasi, Maktabgacha va maktab taʼlimi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik, Yoshlar ishlari boshqarmalari hamda Migratsiya agentligi viloyat filiali bilan birgalikda ishlab chiqilgan “Buxoro viloyati hududida jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha hamkorlikdagi profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirish to‘g‘risida” gi Qo‘shma qaroriga muvofiq harakatga keltirilgan joriy yilning 10 iyun kunidan 10 iyul kuniga qadar bir nechta maxsus, tezkor hamda profilaktik tadbirlarni o‘z ichiga olgan “Xavfsiz hudud – dolzarb 30 kunlik” tadbirlarining dastlabki natijalari, shu jumladan:

- tashabbus bilan aniqlanadigan jinoyatlar, ochilmagan jinoyatlarni issiq izidan fosh etish, qidiruvdagi shaxslarni ushlash, bedarak yo‘qolganlarni aniqlash bo‘yicha tezkor tadbirlarning samaradorligini oshirish;

-oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar, ayniqsa o‘g‘rilik, firibgarlik, transport vositasini olib qochish, yo‘l transport hodisalari, tan jarohati bilan bog‘liq, kiberxavfsizlik, shu jumladan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi oila-turmush doirasida sodir etilayotgan, oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarni oldini olishga doir profilaktik tadbirlar va bunda yo‘l qo‘yib kelinayotgan tizimli kamchiliklarni bartaraf etish;

-xotin qizlar, yoshlar hamda voyaga yetmaganlar, muqaddam sudlanganlar  o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik, spirtli ichimlik taʼsirida, ko‘cha va jamoat joylarida sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarni oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlarni kuchaytirish;

-joriy yilning 22–29 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan kompleks inspektorlik tekshiruvi, aprel oyi davomida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tekshiruvi davomida aniqlangan kamchiliklarning bartaraf etilganligi;

- Prezidentimizning "2025 yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi 1-sonli Qarori talablari asosida hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar va yarim yillik uchun mo‘ljanllangan chora-tadbirlarning ijrosi;

- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi 801-sonli Qarori talablari asosida mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ijtimoiy profilaktik tadbirlarning bugungi kundagi holati;

-Ichki ishlar vazirining 2025 yil 3 aprel kunidagi 182 sonli buyrug‘i bilan hududiy ichki ishlar organlarining rahbar xodimlariga biriktirilgan og‘ir toifadagi yoshlar bilan ishlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar;

-“Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida” gi PF-143-sonli Farmon hamda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-330-sonli Qaroriga asosan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda hududiy ichki ishlar organlari rahbarlariga biriktirilgan kambag‘al oilalar bilan olib borilayotgan chora-tadbirlar;

-O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 aprel kunidagi 153-sonli “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yana-da kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” hamda 155-sonli “Ichki ishlar organlari tizimini raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarorlarida belgilab berilgan vazifalarning ijrosi;

“Buxoro tajribasi” asosida profilaktika katta inspektorlarining xizmat faoliyatida foydalanish uchun berilgan uchuvchisiz apparat (drondan) lardan foydalanish amaliyoti hamda yakunda shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat va ijro intizomini mustahkamlash, qonuniylikni taʼminlash masalalari ham muhokama qilinib, xizmat faoliyati davomida bir qator qo‘pol xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan masʼular rahbar va xodimlarga nisbatan ko‘rilgan intizomiy taʼsir choralari shaxsiy tarkib eʼtiboriga yetkazildi.

Text to speech