Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida bir necha masalalarga bag‘ishlangan navbatdagi kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish, aholining huquqiy muhofazasini taʼminlashga qaratilgan bir qator masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasini xor bo‘lib ijro etishdan boshlangan yig‘ilishda viloyat studiyasi orqali Buxoro viloyati hokimi, viloyat prokurori, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, viloyatda faoliyat yuritayotgan barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, sohaviy va tarmoq xizmatlar rahbarlari, viloyatdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar Idoralararo muvofiqlashtiruvchi Kengash hamda IIB huzuridagi Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha Idoralararo komissiyaga aʼzo organlarning mutasaddilari ishtirok etdi.
Tuman va shahar studiyalari orqali esa barcha tuman va shahar hokimlari, prokurorlari, IIB boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari, shuningdek, yuqoridagi Kengash hamda Idoralararo komissiyaning hududiy darajadagi idoralari rahbarlari va masʼul mutaxassislari jalb etildi.
Bunda quyidagi masalalar, jumladan:
-viloyatda jinoyatchilikka qarshi kurash, mavjud muammolar, jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, jinoyatlarni fosh etish borasida amalga oshirilgan ishlar ahvoli va galdagi ustuvor vazifalar.
-O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 yanvar kunidagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori asosida joriy yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar.
-nazoratsiz va qarovsiz qolgan voyaga yetmaganlarni aniqlash va ularga ijtimoiy huquqiy yordam ko‘rsatish tartibini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar.
-viloyat Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha Idoralararo komissiyasining faoliyati natijalari.
-Buxoro tajribasi asosida mahallalarda (Buxoro shahrining "Sifatmo‘niy", G‘ijduvon tumanining “Sharq”, Kogon tumani “O‘zbekiston”, Kogon shahar "Beruniy", Qorako‘l tumani "Qoraxoji" mahallalarida) sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarning muhokamasi tanqidiy muhokama qilindi.
Yig‘ilish davomida har bir masala yuzasidan mutasaddi idoralar rahbarlarining hisobotlari tinglandi. Hisobotlar tanqidiy ruhda tahlil qilinib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, samarasiz faoliyat va masʼuliyatsizlik holatlari ochiqchasiga muhokama etildi.
Ayniqsa, profilaktika ishlarida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan, jinoyatlarning oldini olishda kerakli tizimli yondashuvni taʼminlamagan rahbarlar faoliyati keskin tanqid qilindi. Bunday holatlarga yo‘l qo‘ygan idora va mutasaddilarga nisbatan taʼsirchan tashkiliy va intizomiy choralar ko‘rish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.
Shu bilan birga, har bir masala bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Ularning ijrosi va natijasi mutasaddi rahbarlarning shaxsiy javobgarligi asosida nazoratga olindi.
Yig‘ilish yakunida xizmat burchini vijdonan ado etib, ichki ishlar tizimida yuqori natijalarga erishgan, fidokorona faoliyat yuritib kelayotgan bir guruh xodimlar tantanali ravishda rag‘batlantirildi. Ularning zimmasidagi masʼuliyatli vazifalarni namunaviy bajarayotgani alohida eʼtirof etildi va tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ularga bildirilgan chuqur minnatdorlik so‘zlari orqali ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat faoliyati yuksak qadrlandi.