24 Sentyabr 2024 yil 1380

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov tomonidan viloyat 3-sektoriga qarashli G‘ijduvon tumani mahallalaridagi kambag‘al oilalarga biriktirilgan viloyat hamda tuman mutasaddi rahbarlari ishtirokida o‘quv amaliy seminari o‘tkazildi

Xabaringiz bor, joriy yilning 23-sentabr kuni Prezidentimiz tomonidan “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida” gi PF-143-sonli Farmoni hamda ““Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-330-sonli Qarori imzolanib, kuni kecha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida vazirlik va idoralar, hududiy hokimliklar va boshqa taalluqli idoralar rahbarlariga bir qator topshiriqlar berildi.

Bugun erta tongdan Buxoro viloyati 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik 
Ikromjon Tursunov G‘ijduvon tumani hokimligi majlislar zalida mazkur tuman mahallalari hamda ushbu mahallalardagi kambag‘al oilalarga biriktirilgan viloyat hamda tuman mutasaddi rahbarlari ishtirokida yuqoridagi Farmon hamda Qarorning mazmun mohiyatini, ularning ijro etilishi bilan bog‘liq masʼul rahbarlarning kundalik ish faoliyatini, eng og‘ir ahvoldagi mahallalarning infratuzilmasini yaxshilash hamda og‘ir turmush tarziga, moddiy va maʼnaviy ko‘makka muhtoj kambag‘al oilalarning turmush tarzini o‘zgartirish va ularni kambag‘allikdan chiqarishga doir belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlashning mexanizmini tushuntirish maqsadida o‘quv amaliy seminarini o‘tkazdi.

Seminarda, viloyat 3-sektor rahbari tomonidan aholini kambag‘allikdan chiqarish davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining hamda barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilanganligi, kambag‘allikni qisqartirish sohasida erishilgan ijobiy natijalar va to‘plangan milliy tajriba hamda ilg‘or xalqaro amaliyot asosida har bir fuqaroni o‘zi va farzandlari kelajagi uchun masʼuliyat bilan yondashishga undaydigan va salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyat yaratishga qaratilgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida amalga oshiriladigan manzilli ishlar birma-bir tushuntirib berildi.

“ Maʼlumot o‘rnida, mazkur dasturga ko‘ra 2024-yilning 1-noyabr kunidan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi “Kambag‘al oilalar uchun yettita imkoniyat va masʼuliyat” tamoyili asosida chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

Jumladan, barqaror bandlik va yuqori daromad topishga erishish, taʼlim olish va kasb-hunar o‘rganish, kafolatlangan davlat tibbiy xizmatidan foydalanish, ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, yashash sharoitlarini yaxshilash, davlat tomonidan mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish, davlat organlari xodimlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish. “

Boshqarma boshlig‘i o‘z so‘zida har bir rahbardan ushbu Farmon va Qarorning mazmun-mohiyatini chuqur o‘qib o‘zlashtirishi, unda belgilab berilgan keng ko‘lamli vazifalarni bajarishda chin vijdon, vatanparvarlik va katta masʼuliyatni his qilgan holda Shofirkon tumanining “Dorigar” mahallasi misolida o‘zlariga biriktirib berilgan mahalla yettiligi, qishloq va ko‘cha vakillari, nuroniy oqsoqollar, oqila ayollar kengashi aʼzolari, mahalla imomi va otinoyilari, patronaj hamshiralar va mahallaning obro‘ eʼtiborga ega faollari bilan uchrashib, hududdagi eng og‘ir ijtimoiy ahvoldagi, moddiy va maʼnaviy ko‘makka muhtoj, kambag‘al oilalarning real hisobini shakllantirishi, undan keyin har bir shu toifa oilalar bilan manzilli ishlash bo‘yicha individual reja ishlab chiqib, muddatlari aniq belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishlari zarurligini aytib, mazkur dastur ijrosini umummilliy harakatga aylantirish lozimligini taʼkidladi.

Shu kunning o‘zida G‘ijduvon tumani hokimligi binosida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturining ijrosini taʼminlash, mahallalarga biriktirilgan mutasaddi rahbarlarning kundalik ish faoliyatini nazorat qilish hamda monitoringini yuritish maqsadida tezkor shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilib, viloyat hamda tumanning tegishli tashkilot va muassasalari masʼullaridan iborat ishchi guruh o‘z ishini boshladi.

Bu kabi, o‘quv amaliy seminarlari viloyat 3-sektoriga qarashli boshqa tumanlarda ham davom ettiriladi.

Text to speech