9 Sentyabr 2024 yil 987

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov huzurida 8 oylik ish natijalari tahliliy-tanqidiy muhokama qilindi

Videokonferensaloqa tizimi asosida o‘tgan muhokamada boshqarma boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlari, hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari hamda barcha shaxsiy tarkib ishtirok etdi.

Tanqidiy va tahliliy tarzda o‘tgan yig‘ilishda quyidagi masalalar:

-viloyat hududida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyatchilikni oldini olish, qidiruvdagi shaxslarni ushlash, bedarak yo‘qolganlarni topish, ochilmagan jinoyatlarni fosh etish, oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik;

-huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash, “qizil” va “sariq” mahallalarda tezkor hamda profilaktik tadbirlarni kuchaytirib, “yashil” toifali mahallalar sonini oshirish;

-ilgari sudlangan, profilaktik, probatsiya hisobida turuvchi, jinoyat va huquqbuzarlik sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar bilan manzilli ishlash;

-tergov sifati, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va tergov harakatlarini olib borish, "E material" tizimi bilan ishlashdagi kamchiliklar;

-ariza va xabarlarni o‘z vaqtida, sifatli va to‘laqonli ko‘rib chiqib, natijasi yuzasidan asoslantirilgan qarorlar qabul qilinishini taʼminlash;

- sektorlar faoliyatida samaradorlikka erishish; aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolariga yechim topish, gorizontal hamda vertikal tartibda viloyat 3-sektoriga qarashli hududlarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari surʼatini oshirish;

- xizmat intizomi hamda qonuniylikni taʼminlash, korrupsiogen holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, “xodimbay” tizimi asosida xodimlarning yashash sharoiti, mavjud muammolarini o‘rganish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Yuqoridagi har bir masala yuzasidan tegishli masʼul rahbarlarning hisobotlari tinglandi.

Shundan so‘ng, boshqarma boshlig‘i sentyabr oyining 10 sanasidan boshlab viloyat hududida jinoyatchilikni jilovlash borasida "Zarbdor oylik" eʼlon qilinganligini aytib o‘tib, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatimiz hududida sodir etilgan jinoyatlar, ularning kelib chiqishiga omil bo‘lgan shart-sharoitlarni birma-bir tahlil qilib, huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olish borasidagi manzilli profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, murojaatlar bilan ishlash, shuningdek, shaxsiy tarkib tomonidan ijro va xizmat intizomi hamda qonun talablariga qatʼiy rioya qilish, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, taʼmagirlik va poraxo‘rlik kabi illatlarning xodimlar tomonidan sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qator ko‘rsatma va topshiriqlarini berdi.

Bundan tashqari, joriy yilning 14 sentyabr kunidan 6-oktyabr kuniga qadar o‘tkaziladigan Buxoro shahri ham mezbonlik qilayotgan Futzal bo‘yicha FIFA Jahon chempionati uchrashuvlarini belgilangan talablar asosida o‘tkazilishini nazorat qilish, ommaviy-madaniy tadbirlar davrida fuqarolarimizning, bundan tashqari viloyatimizga tashrif buyurayotgan xorijiy delegatsiyalar hamda sayyohlar xavfsizligini eng yuqori darajada taʼminlash yuzasidan masʼul rahbarlarga bir qator ko‘rsatmalar berdi.

Shu bilan birga, aholi, korxona va tashkilotlar vakillari, keng jamoatchilik bilan muqobil elektr energiyasi manbalaridan hamda energiya tejovchi texnologiyalardan foydalanishning afzallilari, videokuzatuv kameralarini o‘rnatish borasida targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish yuzasidan ham topshiriqlar berildi.

Yakunda ko‘tarilgan har-bir masala yuzasidan boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari hamda hududlarga masʼul etib biriktirilgan sohaviy xizmatlar rahbarlariga aniq topshiriqlar berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.

Text to speech