Buxoro viloyati Ichki ishlar organlarida kadrlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, bo‘sh lavozimlarni munosib kadrlar bilan jamlash, shaxsiy tarkib o‘rtasida ijro va xizmat intizomi hamda qonunchilikni mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi
Bugun, Ichki ishlar boshqarmasida boshqarma boshlig‘i boshchiligida tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlari tomonidan viloyat ichki ishlar organlarining bo‘sh safdorlik, serjant hamda ofitserlar tarkibidagi lavozimlariga tavsiya etilgan nomzod xodimlar ishtirokida bo‘sh lavozimlarni munosib kadrlar bilan jamlash maqsadida tayyorlangan shaxsiy tarkib bo‘yicha buyruq loyihasi muhokama qilindi.
Boshqarma boshlig‘i yangi lavozimlarga tayinlanishi nazarda tutilgan xodimlar bilan yuzma-yuz muloqot qilib, har bir xodimning galdagi ustuvor vazifalarini belgilab berdi.
Shuningdek, viloyat ichki ishlar organlarida kadrlar siyosatini to‘g‘ri va adolatli olib borish, tizimni xalqchil tuzilmaga, fuqarolarning chinakam himoyachisiga aylantirish, xodimlarni Vatanga va kasbiga sadoqat ruhida tarbiyalash, shaxsiy tarkib o‘rtasida korrupsiogen holatlarga qarshi immunitetni shakllantirish, sohalar kesimida bunga qarshi keskin va ayovsiz kurash olib borish lozimligini qayd etib, masʼullarga bir qator topshiriqlar berdi.
Bundan tashqari, xizmat intizomi va qonunchilik talablarini buzgan har qanday toifadagi masʼul rahbar va xodimlarga nisbatan keskin intizomiy taʼsir choralari qo‘llanilishi qatʼiy belgilanib, har bir salbiy holatga favqulodda holat sifatida baho berilishi taʼkidlandi.