21 Sentyabr 2024 yil 582

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasida matbuot anjumani o‘tkazildi

Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasida bugun, 21 sentyabr kuni viloyatda migratsiya va fuqarolik masalalari hamda bu borada jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari yechimi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, ularning natijalari hamda galdagi vazifalar, sohaga taalluqli muammoli savollarga oydinlik kiritish hamda tizimda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan navbatdagi matbuot anjumani o‘tkazildi.

Matbuot anjumanini boshqarma Axborot xizmati boshlig‘i podpolkovnik Shuxrat Jalolov ochib berib, ishtirokchilarni kun tartibi bilan tanishtirdi.

Shundan so‘ng, Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Botir Sattarov anjuman kun tartibidagi masala bo‘yicha batafsil maʼlumot berdi.

Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan sohaga oid chiqarilgan normativ huquqiy hujjatlar asosida ichki ishlar organlarining migratsiya jarayonlari va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar , soha faoliyatini tubdan takomillashtirish, yangi innovatsion loyihalarni joriy etish, xorijiy davlatlar standartlari asosida shaxsni identifikatsiyalovchi ID-kartalari berilishi tartiblari xususida maʼlumotlar taqdim etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash joyiga borib, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning “Maʼmuriy reglamenti” joriy etilganligi, unga ko‘ra xodim tomonidan murojaat etuvchining yashash joyiga xizmat avtotransport vositasida yetib borilishi va planshet yoki kompyuterga o‘rnatilgan texnik qurilmalar yordamida sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatilishi ham aytib o‘tildi.

Matbuot anjumani yakunida OAV vakillari Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishishdi.

Taklif va mulohazalarga boy o‘tgan matbuot anjumanida ishtirok etgan OAV vakillari, jurnalist va mustaqil blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar olishdi.

Text to speech