25 May 2024 yil 1539

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov "So‘ngi qo‘ng‘iroq" tadbirida ishtirok etdi

Bugun, 25 may kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunov Buxoro shahridagi 23-sonli ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktabida bo‘lib o‘tgan "So‘ngi qo‘ng‘iroq" tadbirida qatnashdi.

Tantanali tadbir viloyat harbiy gornizoni orkestri hamda o‘quvchilar jo‘rligida O‘zbekiston Respublikasi madhiyasini kuylashdan boshlandi.

Shundan so‘ng, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bitiruvchi o‘g‘il-qizlarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.

Shuningdek, boshqarma boshlig‘i o‘z so‘zida bugungi kunda yoshlarning taʼlim-tarbiya olishlari uchun mamlakatimizda yaratilgan keng ko‘lamli imkoniyatlarni eʼtirof etib, ushbu sharoitlardan oqilona foydalangan holda kelajakda vatanimizning mard, jasur, yuksak bilimli va salohiyatli yoshlari bo‘lib yetishishlari zarurligini alohida taʼkidladi.

Tadbir davomida Ichki ishlar boshqarmasi buyrug‘i bilan yaxshi natijalarga erishgan o‘qituvchi va o‘quvchilar boshqarma boshlig‘ining faxriy yorlig‘i va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Shu bilan birga, maktab maʼmuriyati tomonidan taʼlim dargohi bilan uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan namunali ota-onalar va o‘qishda barchaga o‘rnak bo‘lib yuqori natijalarga erishgan o‘quvchilar ham taqdirlandi.

Shu kuni o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan musiqiy chiqishlar, barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Tadbirdan so‘ng boshqarma boshlig‘i maktab faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida, o‘qituvchi va o‘quvchi yoshlarga yaratilgan shart sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Jarayonda maktab kutubxonasiga kitoblar to‘plamini sovg‘a qildi.

Text to speech