2 Iyul 2024 yil 1427

Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov G‘ijduvon tumanining “Ko‘lijabbor” mahallasida "Obod xonadon", "Obod ko‘cha" va "Obod mahalla" dasturi doirasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi

Ayni kunlarda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga biriktirilgan “Ko‘lijabbor” mahallasida alohida dastur va yo‘l xaritasi asosida keng ko‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilib, hozirda yakuniy bosqichga yetib kelgan.

Bugun, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov “Ko‘lijabbor” mahallasida bo‘lib, tuman sektor rahbarlari, taalluqli masʼullar hamda mahalla yettiligi hamrohligida hududda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli qurilish, taʼmirlash, obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlarining borishi, mavjud muammolar va ularning yechimi yuzasidan o‘rganishlar olib bordi.

Boshqarma boshlig‘i dastlab, mahallada tashkil etilgan viloyat 3-sektor shtabida masʼullar bilan amalga oshirilayotgan ishlarni birma-bir muhokama qildi.

Shundan so‘ng, mahalladagi 52-son umumiy o‘rta taʼlim maktab hududida barpo etilayotgan sport maydoni, yo‘l harakati xavfsizligi mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun mo‘ljallangan mashq maydonchasida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi.

Keyingi manzil hududdagi 45-son maktabgacha taʼlim tashkiloti bo‘ldi. Bu yerda ham masʼullarga muassasa faoliyatini yaxshilash, bolajonlar uchun munosib shart-sharoitlarni yaratib berish, bo‘sh yer maydonlaridan unumli foydalanish yuzasidan bir qator tavsiyalar berildi.

Shuningdek, yangidan barpo etilayotgan mahalla binosida olib borilayotgan so‘nggi pardozlash, tozalash va obodonlashtirish ishlari ham ko‘zdan kechirildi.

O‘rganishlar yakunida kommunikatsiya tarmoqlari, infratuzilma holatini yaxshilash, elektr taʼminoti, ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasini yaxshilash borasida masʼullarga aniq va manzilli topshiriqlar berildi.

Bu kabi o‘rganishlar davom ettirilmoqda.

Text to speech