Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Ekspert-kriminalistika xizmati va uning quyi tizimlari xodimlari o‘rtasida “Eng yaxshi ekspert-kriminalist” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi
Ko‘rik tanlovda xodimlar 3 bosqichda sinovlardan o‘tkazildi. Dastlab ishtirokchilardan bilim darajasini aniqlashga qaratilgan test sinovlari qabul qilindi.
Ikkinchi bosqichda xodimlarning "Kalashnikov" avtomati va "Makarov" pistoletini to‘liqsiz qismlarga ajratish hamda yig‘ishga doir mahoratlari sinovdan o‘tkazildi.
Shundan so‘ng, ishtirokchilar bilan o‘tkazilgan suhbat asnosida ekspert-kriminalistika faoliyatiga oid ekspert-kriminalistning huquq va majburiyatlari, xizmatga oid meʼyoriy hujjatlar, sohaviy xizmatlar bilan o‘zaro hamkorligi, tergov-tezkor guruhi tarkibidagi vazifalari, faoliyati davomida erishgan ijobiy natijalari va yutuqlari hamda kriminalistika sohasida egallagan maxsus bilimlari va amaliy ko‘nikmalari ishchi guruh aʼzolari tomonidan baholandi.
Murosasiz o‘tgan bahslarda Buxoro viloyati IIB Ekspert-kriminalistika markazi katta eksperti kapitan Shoxzod Islomov uchinchi o‘rin, Shofirkon tuman IIB Ekspert-kriminalistika guruhi katta eksperti kapitan Feruzjon Nizomov ikkinchi o‘rin hamda Buxoro viloyati IIB ekspert-kriminalistika markazi Biometrik identifikatsiya qilish guruhi bosh eksperti podpolkovnik Bunyod Hamroyev faxrli birinchi o‘rinni egallab, ko‘rik tanlovning respublika bosqichiga qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
O‘tkaziladigan bu kabi ko‘rik tanlovlar xodimlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ularning intellektual salohiyatini oshirish va qo‘llab-quvvatlash hamda xizmatda yuqori natijalarga erishgan xodimlarni munosib rag‘batlantirish uchun xizmat qiladi.