Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov Kogon tumanining Navro‘z mahallasi aholisi muammolari yechimiga bag‘ishlangan sayyor qabul o‘tkazdi
Rasmiy sahifalarimizni kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunov aholi bilan doimiy muloqot qilib, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni aholiga yetkazish borasida bevosita joylarga chiqib, aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazib kelmoqda.
Bugun ham boshqarma boshlig‘i Kogon tumanining “Navro‘z” mahallasida aholi murojaatlarini tingladi.
Soliq boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Yuldashev, viloyat 3-sektor shtabi aʼzolari, tuman sektor rahbarlari, tegishli tashkilot va idoralar masʼullari ishtirokida o‘tkazilgan yuzma-yuz ochiq muloqotda 10 dan ortiq fuqarolarning 15 ga yaqin turli masalalardagi murojaatlari birma bir ko‘rib chiqildi.
Jarayonda asosan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun amaliy yordam, ichki yo‘llarni taʼmirlash, eskirgan elektr simyog‘ochlarni taʼmirlash, yaroqsiz holatga kelib qolganlarini yangilash, suyultirilgan gaz taʼminoti grafigini yaqinlashtirish, yaroqsiz holatga kelib qolgan tabiiy gaz quvurlarini yangilash kabi masalalar ko‘tarildi.
Murojaatlarning 4 tasi shu kunning o‘zida yechim topgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish va qonuniy qaror qabul qilish uchun yurituvga olingan murojaatlar yuzasidan aniq va manzilli chora-tadbirlar belgilanib, masʼullarga ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Jarayonda, 30 yildan buyon fuqaroligi bo‘lmagan Ravilya Abjalimovaga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinganligi hamda Nayimova Feruzaga 16 yoshga to‘lganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ID - kartasi tantanali topshirildi.
Shuningdek, aholi bilan muloqotda bildirilgan takliflar, ko‘tarilgan muammolar asosida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush sharoitini yana-da yaxshilash, mahallalarda yangi ish o‘rinlarini yaratish, asosan “Temir”, “Yoshlar” va “Ayollar” daftarlariga kirgan, ishsiz fuqarolarni doimiy ish bilan taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Bu kabi sayyor qabullar viloyatimizning 3-sektoriga qarashli G‘ijduvon, Shofirkon va Vobkent tumanlarining barcha hududlarida, bundan tashqari, qolgan shahar va tumanlarning 3-sektorlariga qarashli mahallalarida tasdiqlangan grafik asosida o‘tkazib boriladi.