Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunov Qorovulbozor tumani Ichki ishlar bo‘limi shaxsiy tarkibi bilan xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash borasida muhokama yig‘ilishi o‘tkazdi
Tuman hokimi va boshqa sektor rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan muhokama yig‘ilishida boshqarma boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov tomonidan Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i bilan tuman IIB boshlig‘i lavozimiga yangi tayinlangan podpolkovnik Jumayev Alimardon Ashrapovich tanishtirilib, uning keyingi xizmat faoliyatiga oid ustivor vazifalarni belgilab berdi.
Hududiy sektor rahbarlari, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar va keng jamoatchilik bilan birgalikda, tumanda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasidagi manzilli ishlarni izchillik bilan davom ettirish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.
Jarayonda, shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, xodimlar tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan turli korrupsiogen holatlarni oldini olish, murojaatlar bilan ishlashda sansolarlikka yo‘l qo‘ymaslik, taʼmagirlik va boshqa shunga o‘xshash salbiy holatlarni oldini olish borasida so‘z yuritilib, xodimlar o‘rtasida xizmat intizomi hamda qonuniylikni mustahkamlashga doir amalga oshirilishi lozim bo‘lgan manzilli chora-tadbirlar ham belgilab olindi.
Jumladan, ichki ishlar organlarida kadrlar siyosatini to‘g‘ri va adolatli olib borish, tizimni xalqchil tuzilmaga, fuqarolarning chinakam himoyachisiga aylantirish, xodimlarni Vatanga va kasbiga sadoqat ruhida tarbiyalash, taraqqiyotning eng asosiy to‘siqlaridan biri bo‘lgan korrupsiya balosiga qarshi keskin va ayovsiz kurash olib borish lozimligi qayd etildi.
Bu kabi muhokama yig‘ilishlarining tizimli olib borilishi, xizmat vazifalarini bajarishga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan, ijro va xizmat intizomi hamda qonunchilik talablarini buzgan har qanday toifadagi masʼul rahbar va xodimlarga nisbatan keskin taʼsir choralari qo‘llanilishi qatʼiy belgilandi.