Buxoro viloyati Ichki ishlar organlarida “Eng yaxshi hududiy ichki ishlar organi boshlig‘i” ko‘rik tanlovi o‘tkazildi
Buxoro viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-avgust kunida qabul qilingan “Ichki ishlar organlarida eng yaxshi xodimlarni aniqlash bo‘yicha respublika tanlovini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 539-son qaroriga muvofiq, har yilda o‘tkaziladigan “Eng yaxshi hududiy ichki ishlar organi boshlig‘i” ko‘rik tanlovining viloyat bosqichi tashkil etildi.
Ko‘rik tanlovi, yurtimizdagi ichki ishlar organlari xodimlarining jismoniy, jangovar, kasbiy va axloqiy tayyorgarlik darajalarini oshirish, xizmat intizomini mustahkamlash, hamda sog‘lom raqobat muhitini yaratish maqsadida o‘tkazilmoqda. Ushbu tanlovda xodimlar faqat o‘z kasbiy mahoratlari, balki jismoniy holatlari va xizmat intizomini ham namoyon qilib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinab ko‘rishadi.
Ko‘rik tanlov 5 ta bosqichdan To‘sindan tortilish, 100 metrga yugurish, Makarov pistoletini to‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish, Makarov pistoletidan 50 metr masofaga otish, Test sinovlari yaʼni kasbiy bilimlarning o‘zlashtirilganligi va huquqiy tushunchalarni baholashdan iborat bo‘ldi.
Ushbu bosqichlar ishtirokchilardan yuqori darajadagi jismoniy va kasbiy tayyorgarlikni talab etdi. Boshqa tomondan, har bir bosqich ularning vazifalarga yondoshish strategiyasini, nazariy bilimlarini va amaliy qobiliyatlarini sinab ko‘rishga yordam berdi.
Tanlovda eng yaxshi natija ko‘rsatgan ishtirokchilar quyidagi tartibdagi o‘rinlarga ega bo‘lishdi: 3-o‘rin Kogon tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Zafar Davronov 2-o‘rinni Jondor tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Abduxalil Nosirov egallagan bo‘lsa 1-o‘rinni Olot tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Jamshid Tangriyev qo‘lga kiritdi.
Ko‘rik tanlovi natijalari orqali har bir xodim o‘zining kuchi va qobiliyatlarini namoyon etib, jamoa ishini yana-da yaxshilashga hissa qo‘shishi mumkin. Bu, o‘z navbatida, aholining xavfsizligini taʼminlash, qonuniylikni targ‘ib qilish va ichki ishlar organlarining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.