11 Oktyabr 2024 yil 1212

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov G‘ijduvon tumanining Paxtaobod mahallasida sayyor qabul o‘tkazdi

Bugungi kunda aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etishning samarali mexanizmi ekanligi o‘z isbotini topdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Markazdan tortib olis qishlog‘u ovullargacha yetib borgan rahbarlar yurtdoshlarimizning yillar davomida to‘planib qolgan muammolarini aniqlab, joyida bartaraf etmoqdalar.

Xuddi shu maqsadda, Buxoro viloyati 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunov ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyatidagi Xalq qabulxonasi hamda viloyat hokimligi tomonidan tasdiqlangan grafik asosida hududlarda bo‘lib, bevosita aholining mavjud muammolarini o‘rganish, ularni tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida sayyor qabullar o‘tkazmoqda.

Navbatdagi sayyor qabul G‘ijduvon tumanining Paxtaobod mahallasida o‘tkazildi.

O‘tkazilgan sayyor qabulda Xalq qabulxonasining G‘ijduvon tumani bo‘yicha vakillari, viloyat 3-sektor shtabi aʼzolari, tuman sektor rahbarlari, tegishli tashkilot va idoralar masʼullari ishtirok etishdi.

Qabul davomida 15 nafar fuqarolarning 20 ga yaqin turli masalalardagi murojaatlari birma-bir ko‘rib chiqildi.

Jumladan, ish bilan taʼminlash, moddiy yordam, tadbirkorlikni kengaytirishda amaliy yordam berish, subsidiya asosida tikuv mashinasi olishda ko‘maklashish, oliy taʼlim muassasasining to‘lov kontrakti uchun taʼlim krediti ajratish borasidagi masalalar ko‘tarildi.

Murojaatlarning aksariyati shu kunning o‘zida hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish va qonuniy qaror qabul qilish uchun muddat talab qilgan murojaatlar yuzasidan aniq va manzilli chora-tadbirlar belgilandi.

Albatta, bu kabi sayyor qabullarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad halq bilan faol va ochiq muloqot olib borish, avvalo inson huquq hamda manfaatlarini taʼminlash orqali xalqimizning farovon, baxtli hayot kechirishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir.

Text to speech