15 Noyabr 2024 yil 2357

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov olis Qorovulbozor tumanining chekka mahallasi "Jarqoq"da sayyor qabul o‘tkazdi

Davlatimiz rahbari tomonidan amaliyotga tatbiq etilgan aholi bilan doimiy muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etishning samarali mexanizmi bugun yurtdoshlarimizning yillar davomida qiynab kelgan muammolari yechimiga xizmat qilmoqda.

Xabaringiz bor, Buxoro viloyati 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov ham xuddi shu maqsadda markazdan tortib olis qishlog‘u ovullarda bo‘lib, bevosita aholining mavjud muammolarini o‘rganish, ularni tezkorlik bilan bartaraf etishga qaratilgan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazmoqda.

Boshqarma boshlig‘i boshchiligida navbatdagi sayyor qabul Qorovulbozor tumani markazidan 25 km. uzoqlikda joylashgan "Jarqoq" mahallasi aholisi bilan o‘tkazildi.

Viloyat 3-sektor shtabi aʼzolari, tuman sektor rahbarlari, Xalq qabulxonasi, tegishli tashkilot va idoralar masʼullari ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqotda, 10 dan ortiq fuqarolarning 15 ga yaqin turli masalalardagi murojaatlari birma-bir ko‘rib chiqildi.

Jumladan, ichki yo‘llarni shag‘allashtirish, suyultirilgan gaz taʼminotini yaxshilash, ish bilan taʼminlash, moddiy yordam, tadbirkorlikni kengaytirishda amaliy yordam berish, subsidiya asosida tikuv mashinasi olishda ko‘maklashish masalalari ko‘tarildi.

Jarayonda murojaatlarning yechimiga alohida eʼtibor qaratilib, qo‘shimcha o‘rganish va qonuniy qaror qabul qilish uchun muddat talab qilinganlari yuzasidan chora-tadbirlar belgilanib, mutasaddilarga zaruriy ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Shuningdek, 16 yoshga to‘lganligi munosabati bilan birinchi marotaba fuqarolik pasporti oladigan 4 nafar yoshlarga O‘zbekiston Respublikasining ID - kartalari tantanali topshirildi.

Qabuldan so‘ng boshqarma boshlig‘i tuman mutasaddi rahbarlari hamda mahalla “yettiligi” bilan suhbatlashdi.

Hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi murojaatlariga yechim topish, ishsiz fuqarolarni mavsumiy hamda o‘zini o‘zi band qilish bilan bog‘liq ishlarga jalb etish, kasb-hunarga hamda tadbirkorlikka o‘rgatish orqali ularning daromadlarini oshirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida o‘zining tegishli ko‘rsatma va tavsiyalarini berdi.

Bundan tashqari masʼullar bilan birgalikda "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida tashkil etilayotgan "Jarqoq" mahalla bog‘iga daraxt ko‘chatlarini o‘tqazdi.

Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov Qorovulbozor tumaniga qilgan tashrifi davomida, 17-son jazoni ijro etish koloniyasida ham bo‘ldi.

Bu yerda muassasaning qo‘riqlanishi, xavfsizlikning taʼminlanganligi, hududiy ichki ishlar bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan uzviy aloqalarning o‘rnatilganligi, xizmatni tashkil etish bilan bog‘liq hamkorlikdagi rejalar bo‘yicha muassasa xodimlarining egallagan ko‘nikmalarini ko‘zdan kechirib, muassasada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rgandi. Murojaat qilgan mahkumlarning muammolari ham birma-bir ko‘rib chiqildi.

Bu kabi shaxsiy hamda sayyor qabullar kelgusida tasdiqlangan grafik asosida barcha hududlarda o‘tkaziladi.

Text to speech