Buxoro viloyati IIB boshlig‘ining tashabbusi bilan Shofirkon tumanida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi
Bugun erta tongdan tumanning 5 ta mahallasi, jumladan, Xorun, Pattaxon, Mingchinor, Qo‘rg‘on Vardonze hamda Sharof Rashidov mahallalarida keng ko‘lamli hamda manzilli ishlarga start berildi.
Dastlab, tuman markaziy futbol o‘yingohi old maydonida boshqarma boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov hamda IIV JXD boshlig‘ining o‘rinbosari Probatsiya xizmati boshlig‘i polkovnik Sharof Uralovlar tomonidan tadbirga jalb etilgan kuch vositalar ishtirokida kengaytirilgan yo‘riqnoma o‘tkazilib, galdagi vazifalar belgilab olindi.
Ushbu mahallalarda soat 08:00 dan boshlab bir vaqtning o‘zida quyidagi tadbirlar boshlab yuborildi, jumladan:
- mahalladagi hamda aholining mavjud muammolari va murojaatlarini hal qilishga qaratilgan sayyor qabul;
- oziq-ovqat mahsulotlarining arzonlashtirilgan yarmarkasi;
- tumanda faoliyat olib borayotgan korxona, tashkilot hamda muassasalarda, ayniqsa mazkur mahallalarga yondosh tadbirkorlik subyektlarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha mehnat yarmarkasi;
- viloyat hamda tuman sog‘liqni saqlash muassasalarining malakali xodimlari tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik;
- "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida manzarali va mevali daraxt ko‘chatlarini ekish;
- mahallalarda istiqomat qilayotgan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular ongida Ona Vatanga muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlash maqsadida viloyat ichki ishlar organlari tasarrufidagi maxsus texnikalar va qurol-yaroqlarning ko‘rgazmali namoyishi;
- aholiga bayram kayfiyatini ulashish maqsadida tuman hokimligi Madaniyat bo‘limining xushovoz xonandalari ishtirokida ko‘ngilochar konsert dasturlari ham tashkil etildi.
Shuningdek, “3 dekabr -Xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i boshchiligidagi mutaxassislar tomonidan ushbu mahallalarda istiqomat qiluvchi 18 nafar nogironligi bo‘lgan fuqarolar xonadonlariga uyma-uy borilib, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va zaruriy muolajalar qilinib, dori-darmonlar tarqatildi.
Bu kabi keng ko‘lamli chora tadbirlar aholining mavjud muammolariga yechim topish, ularning farovon turmush tarzini taʼminlashga xizmat qiladi.