Buxoro viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov Shofirkon tumanida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, qish mavsumida aholining ijtimoiy-maishiy muammolarini hal etish borasida olib borilayotgan ishlarni o‘rgandi
Ayni kunlarda butun respublikamizda bo‘lgani kabi Buxoro viloyatida ham xalqimiz osoyishtaligini taʼminlash, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyatchilikni oldini olish, qish mavsumida mahallalarda aholining ijtimoiy-maishiy muammolarini hal etish borasidagi keng ko‘lamli chora tadbirlar olib borilmoqda.
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i viloyat 3-sektor hududiga kiruvchi Shofirkon tumanida bo‘lib, mazkur yo‘nalishda tumanda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Dastlab tuman hokimligida sektor rahbarlari, tegishli tashkilotlar masʼullari ishtirokida qish mavsumini betalafot o‘tkazish va unga tayyorgarlik ko‘rish masalalari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda asosan ijtimoiy obyektlar, maktab, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, tuman markaziy shifoxonasi, oilaviy shifokorlik punktlaridagi qozonxonalarning sozligi va yuzaga kelayotgan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek ko‘p qavatli uylarning issiqlik tizimi, elektr-energiyasi, ichimlik suvi, tabiiy gaz bilan taʼminlanganlik darajasi yuzasidan tegishli tashkilot rahbarlarining hisobotlari tinglandi.
Shundan so‘ng, tuman ichki ishlar bo‘limi shaxsiy tarkibi o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash borasidagi ishlar muhokamasi o‘tkazildi.
Bunda, xizmat intizomini buzish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosalarini qabul qilishda, shaxsiy tarkib o‘rtasida korrupsiogen holatlarga qarshi keskin kurashishning zamonaviy usul va uslublarini joriy qilish borasida joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, xodimlar tomonidan sodir etilgan xizmat intizomi va qonunbuzarlik bilan bog‘liq holatlarning tub sabablari, ularning kelib chiqish omillari tanqidiy tahlil qilinib, atroflicha muhokama qilindi.
Boshqarma boshlig‘i Ko‘rilgan masalalar hamda xizmat intizomini mustahkamlash yo‘nalishida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarning samaradorligini oshirish, xizmat intizomini buzish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan o‘tkaziladigan xizmat tekshiruvlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, xizmatga sovuqqonlik bilan qaramaslik, poraxo‘rlik va tamagirlik hamda korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, vakolatdan chetga chiqmaslik, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala bo‘lish yuzasidan zaruriy ko‘rsatmalar berdi.
Viloyat 3-sektor rahbari polkovnik Mirjamol Miralimov Shofirkon tumanidagi o‘rganishlari doirasida tumanning kriminogen vaziyati og‘ir hisoblangan “qizil” toifaga kiritilgan "Xo‘ja Orif" hamda "Iskogare" mahallalarida bo‘ldi.
Jarayonda mahallarda jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish borasida “mahalla yettiligi” tomonidan olib borilayotgan ishlar o‘rganildi.
Bunda, mahallalarning kriminogen vaziyatiga taʼsir qilayotgan omillar, kompleks yondashuv asosida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish, salmog‘i yuqori bo‘lgan jinoyatlarni oldini olishning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda maxsus kontingent bilan ishlash kerakligi borasida alohida topshiriqlar berildi.
Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining bu kabi o‘rganishlari Buxoro viloyati bo‘ylab davom etmoqda