7 Iyun 2024 yil 1237

Buxoro viloyati IIB: “Qoradori 2024” tezkor profilaktik tadbirlari davomida giyohvand moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga doir yana bir nechta jinoiy holatlar fosh etildi

Xabaringiz bor, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining alohida farmoyishi asosida viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida “Qoradori-2024” tezkor profilaktik tadbirlari o‘tkazilmoqda. Bu kabi tadbirlar davomida giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq o‘nlab jinoyatlar aniqlanganligini rasmiy sahifalarimiz orqali kuzatib bormoqdasiz. Navbatdagi tezkor tadbirlar davomida ham bir qator jinoiy holatlarga chek qo‘yildi.

Jumladan, 2024 yil 27 may kuni olingan tezkor maʼlumotlar asosida Buxoro tumani Ichki ishlar bo‘limi Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan “Qoradori-2024” tadbiri davomida tumanning Xonobod mahallasida yashovchi, 1959 yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, tomorqasida 7 tup “Kannabis” o‘simliklarini qonunga xilof ravishda ekib, parvarishlab kelayotganligi;

Ikkinchi holatda, 2024 yil 31 may kuni G‘ijduvon tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, tumanning Fayzullo Xo‘jayev mahallasida yashovchi, fuqaro yashash uyining tomorqasida, anor ko‘chati ostida 2 tup “Kanop” o‘simligini ekib, yetishtirib kelayotganligi;

Uchinchi holatda, 2024 yil 4 iyun kuni Shofirkon tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida, tumanning Jo‘ynav mahallasida yashovchi, 1960 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘z xonadoni tomorqasida jami 75 tup “Ko‘knor” o‘simliklarini qonunga xilof ravishda ekib, parvarishlab kelayotganligi aniqlangan.

Mazkur holatlarning har biri yuzasidan yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Qoradori 2024” tezkor profilaktik tadbirlari davom etmoqda.

Text to speech