10 Aprel 2025 yil 2193

Buxoro viloyati prokurori hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i boshchiligidagi masʼullar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "2025 yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi Qarori talablaridan kelib chiqib Kogon tumanida kriminogen vaziyatni yaxshilash borasida joriy yilning birinchi choragi davomida amalga oshirilgan ishlar hamda yo‘l qo‘yilgan tizimli kamchiliklar joyiga chiqib o‘rganildi

Dastlab, hokimlik binosida tuman hokimi, huquq-tartibot organlari masʼullari, profilaktika (katta) inspektorlari ishtirokida o‘tkazilgan muhokama yig‘ilishida mazkur PQ 1-sonli qaror talablari asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasi asosida tuman mahallalarida amalga oshirilgan ishlar, natijadorlik hamda yo‘l qo‘yilgan tizimli kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi.

Jarayonda kriminogen vaziyati og‘ir, jinoyatchilik salmog‘i yuqori “qizil” va “sariq” toifadagi mahallalar profilaktika inspektorlarining hisobotlari tinglanib tanqidiy muhokama qilingan bo‘lsa, “yashil” toifali mahallalar profilaktika inspektorlarining natijadorlikka erishish mexanizmlari va tajribalari ham taftish qilindi.

Bundan tashqari profilaktika inspektorlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ularning xizmat uyi, xizmat xonasi va zaruriy jihozlar, texnika, maxsus vositalar bilan taʼminlanganlik holati hamda xizmat faoliyati davomida duch kelayotgan muammolar ham birma-bir o‘rganilib, aniqlangan masalalarning yechimi yuzasidan aniq chora tadbirlar belgilab olindi.

O‘rganishlar, o‘tgan hisobot yilida qizil toifaga kirgan Navro‘z hamda Bahovuddin Naqshband mahallalarida davom etdi. Joyiga borib ko‘zdan kechirish jarayonida ushbu mahallalar yettiligi bilan uchrashgan masʼullar, mazkur mahallalarda sodir etilgan har bir huquqbuzarlik va jinoyatning kelib chiqish sabablari, omil bo‘lgan shart-sharoitlarni chuqur tahlil qilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha bugungi kunga qadar mahalla masʼullarining taalluqli idoralar bilan hamkorlikda amalga oshirgan ishlari, yo‘l qo‘ygan tizimli kamchiliklari, birinchi chorak uchun mo‘ljallangan yo‘l xaritasi bandlarining ijrosi ham sinchkovlik o‘rganilib, ikkinchi chorak yo‘l xaritasida nazarda tutilib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan manzilli ishlar yuzasidan zaruriy ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Navbatdagi manzil tumanda faoliyat olib borayotgan Buxoro Psixologiya va xorijiy tillar Instituti bo‘ldi.

Bu yerda masʼullar ushbu oliy taʼlim muassasasida tahsil olayotgan yoshlar bilan uchrashib, aynan talabalar tomonidan yoki ularga nisbatan sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar xususida so‘z yuritib, ularning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan shart-sharoit va omillar tahliliy maʼlumotlar asosida muhokama qilindi.

Bundan tashqari xotin-qizlarga nisbatan sodir etilayotgan tazyiq va zo‘ravonliklar, bunday salbiy holatlarga qarshi kurashish borasida mavjud qonunchilik normalari, tazyiq va zo‘ravonlikdan xotin-qizlarni himoya qilish borasida viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar doirasida ham ochiq muloqot o‘tkazildi.

Shuningdek, institut masʼullariga yoshlarni vatanparvarlik tuyg‘usi hamda jamiyatga daxldorlik hissini kuchaytirish maqsadiga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirish, tahsil olayotgan talaba yoshlarga “Tengdosh - tengdoshga ko‘makchi” loyihasi doirasida namunali tengdoshlarni hamda murabbiylar  biriktirish bo‘yicha topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Shu kuni, masʼullar 2025 yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi Prezident qarori ijrosini taʼminlash bo‘yicha Buxoro viloyati hamda Kogon tumani idoralararo muvofiqlashtirish ishchi guruhlarining faoliyatini ham o‘rganib, birinchi chorak mobaynida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan ishlab chiqilgan yo‘l xarita ijrosini tanqidiy tahlil qilinidi va galdagi vazifalar belgilab olindi.

Tuman Ichki ishlar bo‘limi Probatsiya nazorati ostida turgan shaxslar bilan o‘tkazilgan uchrashuv esa, aynan ushbu toifa hamda muqaddam sudlanganlar tomonidan qayta jinoyat sodir etilishini oldini olish, sud tomonidan belgilab berilgan cheklovlarni buzish bilan bog‘liq holatlarni oldini olishga xizmat qildi. Profilaktik ogohlantiruv, targ‘ibot xususiyatiga ega bo‘lgan muloqot davomida nazorat ostidagi shaxslarning muammolari o‘rganildi va aniqlangan masalalar yechimiga doir chora tadbirlar belgilab olindi.

Keyingi manzil tumanning Tutkunda mahallasi hududida joylashgan 1-sonli Umumiy tartibli Jazoni ijro etish koloniyasi bo‘ldi. Bu yerda saqlanayotgan mahkumlar va ular bilan uchrashishga kelgan oila aʼzolariga yaratib berilgan shart-sharoitlar o‘rganilib, koloniyada jinoyat ijroiya qonunchiligiga og‘ishmay amal qilish bilan bog‘liq holatlar ko‘zdan kechirildi.

Bundan tashqari ushbu muassasada jazo o‘tayotgan birinchi marotaba sudlanib, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, koloniya tartib qoidalariga og‘ishmay rioya qilayotgan yoshlar bilan profilaktik targ‘ibot uchrashuvi o‘tkazilib, ularni ozodlikka chiqishga, undan so‘ng ijtimoiy hayotga tayyorlash, kasbga o‘rgatish bilan bog‘liq amalga oshirilayotgan ishlar ham o‘rganildi.

Koloniyada tashkil etilgan yoshlar bog‘i, kasbga o‘rgatish Monomarkazi, 20 turdagi qurilish hamda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish sexlari va ularning samaradorligi ham ko‘zdan kechirildi.

Mahkumlar bilan yakka tartibda profilaktik suhbat o‘tkazgan masʼullar ularning sodir qilgan jinoyatlari bilan yaqindan tanishib, mazkur jinoyatlarning sodir etilish usullari hamda omil bo‘lgan shart-sharoitlarni birma bir tahlil qilgan holda, viloyatning 544 ta mahallalarida bunday jinoiy hodisalarni barvaqt oldini olishga doir chora tadbirlarni belgilab olishda o‘zlariga zaruriy vazifalarni belgilab oldilar.

Mahkumlar bilan o‘tkazilgan sayyor qabul davomida esa ularning muammolari o‘rganilib, turli masalalar yuzasidan murojaatlari qabul qilindi. Murojaatlar yechimiga doir masʼul mansabdorlarga zaruriy ko‘rsatma va topshiriqlar berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.

Bu kabi o‘rganish va amaliy yordam ko‘rsatish ishlari tasdiqlangan reja asosida viloyatning qolgan barcha shahar va tumanlarida o‘tkazib boriladi.

Text to speech