18 Noyabr 2024 yil 2109

Buxoro viloyati sektor rahbarlari “Buxoro qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ulgurji sotish bozori” MCHJda bo‘lib, zaxiraga jamg‘arilgan mahsulotlar va mahsulotlarni saqlash texnologiyasi bilan tanishishdi

Muloqot avvalida oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini yaratishda aholi soni bilan bir qatorda chet elga qatnab ishlayotgan mehnat migrantlari, hududda istiqomat qilayotgan kam taʼminlangan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalar, ayniqsa, mahallalar “Temir daftari”ga kiritilgan fuqarolar manfaatlari va turmush sharoitidan kelib chiqish, shu boisdan mahalla va qishloqlarda arzonlashtirilgan narxlarda oziq-ovqat yarmarkalarini muntazam tashkillashtirish, nochor va og‘ir ahvolga tushib qolgan oilalar holidan xabar olish zarurligi alohida taʼkidlandi.

Ichki imkoniyatlardan kelib chiqqan holda viloyatda baʼzi mahsulotlar, jumladan, un zaxirasini yaratishda «Buxorodonmahsulotlari», «Qorako‘ldonmahsulotlari», «Kogondonmahsulotlari» aksiyadorlik jamiyatlari bilan birga, o‘z yorlig‘iga ega bo‘lgan bug‘doyni qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan korxonalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish lozimligi qayd etildi. Muhokamada xuddi shunday, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiruvchi tadbirkorlik subyektlarini tijorat banklarining imtiyozli kredit mablag‘i va subsidiyalari bilan qo‘llab-quvvatlash zarurligiga eʼtibor qaratildi.

Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasining bu boradagi imkoniyati o‘rganildi.

Zaxira qilinadigan har bir mahsulot taʼminoti yuzasidan tegishli tashkilot, idora va korxonalar mutasaddilari shaxsiy masʼul sifatida biriktirilib, o‘z navbatida tizimli kuzatuv va nazorat ishlarini olib borish lozimligi uqtirildi.

Shuningdek, shahar va tumanlarda faoliyat yuritayotgan markaziy dehqon bozorlarida, qolaversa, yirik savdo majmualarida mahsulotlarni yetarli darajada jamg‘arish va aholiga real narxlarda sotilishini taʼminlash borasida muntazam o‘rganishlar olib borish talabi qo‘yildi.

Shundan so‘ng jamiyat hududida turkiyalik mutaxassislar ishtirokida qurilgan maxsus ombor, bu yerda mahsulotlarni saqlash texnologiyasi bilan tanishtirildi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, 2024-2025 yillar qish-bahor mavsumi uchun viloyatda qariyb 25 ming tonna shundan, 11 ming 362 tonna kartoshka, 4 ming 460 tonna piyoz, 6 ming 214 tonna sabzi va 2 ming 872 tonna guruch mahsuloti jamg‘arish belgilangan.

Shu kun sektor rahbarlari "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida Buxoro shahri ko‘chalari bo‘ylab manzarali daraxt ko‘chatlarini ekishdi.

Text to speech