13 Mart 2024 yil 3799

Buxoro viloyati sektor rahbarlari boshchiligida "Yangi O‘zbekistonning vatanparvar yoshlari" o‘quv yig‘iniga jalb qilingan yoshlar ishtirokida "Rahbar va yoshlar" uchrashuvi o‘tkazildi

Xabaringiz bor, Buxoro viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining 2024 yil 12 yanvardagi kengaytirilgan yig‘ilishida berilgan topshiriqlari ijrosini taʼminlash hamda yoshlarni vatanparvarlik, jamiyat hayotiga daxldorlik va qonunga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan "Yangi O‘zbekistonning vatanparvar yoshlari" o‘quv yig‘inini o‘tkazilmoqda.

Bugun, 13 mart kuni Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov, viloyat Soliq boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Yuldashev hamda IIV Akademiyasi masʼullari boshchiligida ushbu o‘quv yig‘iniga jalb qilingan yoshlar ishtirokida "Rahbar va yoshlar" uchrashuvi o‘tkazildi.

Uchrashuv davomida yoshlarining muammolari hamda takliflari o‘rganilib, o‘zaro muloqotda ular tomonidan ko‘tarilgan murojaatlar tinglandi.

Yuzma-yuz ochiq muloqotda, yoshlar tomonidan bank imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishi, tadbirkorlik uchun yer maydoni ajratishda amaliy yordam berish, ish bilan taʼminlash, mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirish, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishda imtiyozlardan foydalanish, tayinlangan jazolarini o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish va boshqa ijtimoiy muammolari bo‘yicha murojaatlar kelib tushdi.

Asosiy eʼtibor, murojaatlarning joyida hal etilishiga qaratilib, qo‘shimcha o‘rganish va qonuniy qaror qabul qilish uchun ish yurituviga olingan murojaatlar yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.

Sektor rahbarlari boshchiligida o‘tkazilayotgan bu kabi uchrashuvlar yoshlarda vatanparvarlik, yurtga daxldorlik, qonunlarga itoatkorlik xislatlarini singdirish, ularning qiziqishlari, qobiliyati, iqtidori va muammolarini o‘rangan holda kasb-hunar hamda chet tilini o‘rganishga yo‘naltirish, bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka jalb qilish orqali faol ijtimoiy hayot tarziga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Text to speech