3 Dekabr 2024 yil 1740

Buxoro viloyati huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi

Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i raisligida videokonferensaloqa tizimi asosida o‘tgan ushbu muhokama yig‘ilishida, viloyat prokurori Ulug‘bek Hamdamov, idoralararo komissiyaga aʼzo idoralarning viloyat hamda hududiy mutasaddi rahbarlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning taalluqli masʼul xodimlari ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 mart kunidagi PQ-2833-sonli “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan tashkil etilgan "Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha viloyat idoralararo komissiyasi raisi sifatida boshqarma boshlig‘i o‘tgan davr mobaynida komissiyasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar hamda yo‘l qo‘yib kelinayotgan tizimli kamchiliklar xususida so‘z yuritdi.

Tanqidiy hamda tahliliy tarzda o‘tgan muhokama yig‘ilishida bugungi yig‘ilishning asosiy maqsadi, kelgusidagi vazifalar va viloyat idoralararo komissiya faoliyatini to‘laqonli tashkil etish, o‘zaro hamkorlik va axborot almashinuvini yangi bosqichga olib chiqish borasida ham aytib o‘tdi.

Viloyat hududida sodir etilgan jinoyatlar "sohabay" tahlil qilinib, komissiyaga aʼzo idoralar, korxona va tashkilot rahbarlari hamda ishchi-xizmatchilari tomonidan kasbiy faoliyat bilan bog‘liq bo‘lgan yoki boshqa turdagi jinoyatlarning sodir etilishiga yo‘l qo‘yib kelinayotgani tanqid qilindi.

Tibbiyot, oliy, o‘rta-maxsus va umumiy o‘rta taʼlim maktablari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, bank va hokimiyat vakillari, shuningdek boshqa idoralar masʼul rahbarlari va ishchi xizmatchilari tomonidan sodir etilayotgan jinoyat va huquqbuzarliklar har bir sohaning o‘zida, mutasaddilar va xodimlar ishtirokida keng muhokama qilinishi lozimligi, bunda aynan rahbar xodimlarning javobgarlik masalasini kuchaytirish lozimligi, ularning shaxsiy javobgarligini oshirish xususida qarorlar qabul qilindi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 31 may – 1 iyun kunlari Buxoroga qilgan tashrifi davomida, viloyatda jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish hamda jamoat xavfsizligi borasida amalga oshirilayotgan ishlarni tanqidiy muhokama qilib, belgilab berilgan galdagi muhim vazifalar hamda 2024 yil yakuniga qadar jinoyatchilikni keskin kamaytirish bo‘yicha “Favqulodda ish tartibi” ning joriy etilganligini har bir komissiyaga aʼzo idora rahbarlarining o‘zlari chuqur anglagan holda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan holda, olib borilayotgan keng ko‘lamli profilaktik ishlarni yana-da kuchaytirish borasida kelishib olindi.

Bunda, eng avvalo mahallalarda mavjud ijtimoiy muammolarni aniqlab hal etish, uzoq muddatga chet elga ketgan yoki qaytib kelgan fuqarolar hamda ularning oila aʼzolari bilan tizimli ishlash, oila-turmush doirasidagi nizolarni bartaraf etish, ayniqsa xotin-qizlar, yoshlar hamda voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, ichki ishlar hamda sog‘liqni saqlash idoralarining maxsus hisobida turuvchi shaxslar bilan profilaktik hamda manzilli ishlarni olib borishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi qayd etildi. Har bir ko‘tarilgan masala yuzasidan muhokamada ishtirok etgan masʼullarning fikr va takliflari olinib, galdagi vazifalarga oid ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Text to speech