6 Mart 2025 yil 3565

Buxoro viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlari ayol xodimalari o‘rtasida “8 Mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayrami munosabati bilan “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi

Barchamizga maʼlumki, bahorning ilk bayrami “8 Mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” yurtimiz bo‘ylab keng tantana qilinmoqda. Ushbu sana munosabati bilan Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasining tashabbusi va masʼullarning saʼy-harakati bilan viloyat huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning ayol xodimalari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yinlari tashkillashtirildi.

Bellashuvlarda 9 ta jamoa tarkibida 54 nafar xotin-qizlar ishtirok etib, 4 bosqichdan iborat shartlar asosida musobaqalashishdi. Jarayonda ishtirokchi ayollarimiz o‘zlarining jamoaviy ishlash, tez fikrlash va kreativ yondashuvlarini ham namoyon qilishdi.

Har bir jamoa o‘ziga xos mavzular bo‘yicha savollarga javob berishdi, shuningdek, ularning umumiy bilim darajasi va intellektual qobiliyatlari sinovdan o‘tkazildi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan “Zakovat” o‘yini natijalariga ko‘ra, uchinchi o‘rinni, viloyat Favqulotda vaziyatlar boshqarmasi, ikkinchi o‘rinni Davlat xavfsizlik xizmati Buxoro viloyati boshqarmasi jamoalari egallagan bo‘lsalar, faxrli birinchi o‘rinni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi jamoasi qo‘lga kiritdi.

Tadbir yakunida g‘oliblarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda Buxoro viloyati hokimi boshchiligidagi masʼullar ishtirok etib, ayol xodimalarni “8 Mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayrami munosabati bilan samimiy muborakbod etishdi. G‘olib va sovrindorlarga tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alarini topshirishdi.

Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami oldidan o‘tkazilgan mazkur “Zakovat” intellektual o‘yini huquqni muhofaza qiluvchi organlarda faoliyat olib boruvchi xotin-qizlar uchun katta ilhom manbai bo‘lib, ularning bilimlarini va ijtimoiy faolligini yana-da oshirishda muhim tadbir bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bunday tadbirlar bugungi kunda jamiyatimizda ayollarning o‘rni va rolini oshirishda, ularning mashaqqatli mehnatlarini eʼtirof etish, salohiyatini rivojlantirishda ham katta ahamiyat kasb etadi, albatta.

Text to speech