13 Sentyabr 2024 yil 1028

Buxoro viloyatida shahar-tuman IIB boshliqlari ishtirokida «Eng yaxshi hududiy ichki ishlar organi boshlig‘i» ko‘rik tanlovi o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan Ichki ishlar organlarida maʼnaviy maʼrifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi va Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 24 avgust kunidagi "Ichki ishlar organlarida eng yaxshi xodimlarni aniqlash bo‘yicha Respublika tanlovini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 539-sonli Qaroriga asosan Buxoro viloyat IIB boshlig‘ining 2024 yil 19 avgust kuni 160-sonli buyrug‘i bilan "Eng yaxshi hududiy ichki ishlar organi boshlig‘i" ko‘rik tanlovining viloyat bosqichi tashkil etildi.

Ishtirokchilar dastlab o‘zlarining jismoniy tayyorgarliklarini sinovdan o‘tkazishdi.

Bunda, to‘sindan tortilish, 100 metrga yugurish mashqlari bajarildi.

Shundan so‘ng, “Makarov” pistoletini to‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish, “Makarov” pistoletidan 50 metr masofaga otish mashqlari bajarildi.

Yakunda ishtirokchilardan IQ (intellektual koeffitsiyent) va individual psixologik xususiyatlarini hamda bilim darajasini aniqlashga qaratilgan elektron test sinovlari olindi.

G‘olib bo‘lgan hududiy ichki ishlar organi boshlig‘i tanlovning Respublika bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Bu o‘tkazilayotgan ko‘rik tanlovlar ichki ishlar organlari xodimlarining ongi va qalbida "Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish-oliy burchimiz" konseptual g‘oyasini mustahkamlash, ularda vatanparvarlik va yurt taqdiriga daxldorlik hislarini kuchaytirish, xodimlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, jangovar, jismoniy va kasbiy tayyorgarlik darajasini kuchaytirish, ular orasida qonuniylik va xizmat intizomini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Text to speech