Buxoro viloyatida Giyohvand moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga doir jinoyatlarga qarshi kurashish borasidagi tezkor tadbirlar davomida bir nechta jinoiy holatlar fosh etildi
Giyohvandlik bugungi kunda butun dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan dolzarb muammolardan biri. Shu bois Mamlakatimizda giyohvand moddalarning tarqalishi va ular ustidan nazorat o‘rnatish borasida keskin va murosasiz yo‘l tanlangan. Lekin shunga qaramasdan o‘zining qabih niyatlarini amalga oshirayotgan og‘ufurushlar va uni saqlab kelayotganlar ko‘plab uchramoqda. Eng achinarlisi, undan mo‘may daromad topishni niyat qilgan, bila turib jirkanch ishga qo‘l urayotganlar qancha.
Buxoro viloyatining barcha shahar va tumanlarida "Giyohvandlik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish" borasida ichki ishlar organlari, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan keng jamoatchilik bilan birgalikda bir qator manzilli profilaktik hamda tezkor tadbirlar amalga oshirmoqda.
Mana shunday tezkor tadbirlar davomida Buxoro viloyatida giyohvandlik moddalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish borasidagi bir necha jinoiy holatlar fosh etildi.
Buxoro viloyati IIB va Peshku tuman prokuraturasi xodimlari tomonidan joriy yilning 5 yanvar kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1978 yilda tug‘ilgan X.B. tumanning Navbahor mahallasida joylashgan o‘z uyida sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra sof vazni 15,14 grammga teng bo‘lgan “ko‘knor xashagi” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda saqlab kelayotganligi aniqlangan.
Ikkinchi holat: 10 yanvar kuni soat 22:00 larda G‘ijduvon tuman IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, tumanning Degrezon mahallasida yashovchi 1969 yilda tug‘ilgan Yu.R. o‘zining yashash xonadonida tanishi X.M. bilan birga “Marixuana” va “Gashish” giyohvandlik vositalarini isteʼmol qilib, bangixona saqlash jinoyatini sodir qilganligi aniqlangan.
Uchinchi holat: 10 yanvar kuni Vobkent tuman IIB hamda Bojxona xizmati xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida tumanning Vobkent mahallasida yashovchi, 1975 yilda tug‘ilgan Ya.A.ning yashash xonadoni nazorat tariqasida tekshirilganida 1 tup “Kannabis” giyohvandlik o‘simligini qonunga xilof ravishda ekib, parvarishlab kelayotganligi aniqlangan.
To‘rtinchi holat: 2024 yilning 11 yanvar kuni Buxoro viloyati IIB va Kogon shahar IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Kogon shahrining A.Temur mahallasida yashovchi, 1976 yilda tug‘ilgan G.J. va S.I.lar bir guruh bo‘lib, bir fuqaroga 4 dona “spichki” yozuvli gugurt qutilariga joylashtirilgan sof vazni 20,69 grammga teng bo‘lgan “Marixuana” giyohvandlik vositasini 4.000.000 so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Beshinchi holat: Joriy yilning 11 yanvar kuni Buxoro shahar IIO FMB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Buxoro shahar Mirdo‘stim ko‘chasida yashovchi, 1962 yilda tug‘ilgan U.K. bir fuqaroga 800.000 so‘m evaziga, sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra tarkibida tetragidrokannabinol mavjud bo‘lgan sof vazni 6,09 grammga teng bo‘lgan ozginadan ko‘proq miqdordagi “Marixuana” giyohvandlik vositasini sotganligi aniqlangan.
Oltinchi holat, 2024 yil 12 yanvar kuni G‘ijduvon tumani IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, tumanning Pamo‘za mahallasida yashovchi 1978 yilda tug‘ilgan Sh.A. bir fuqaroga sof vazni 0,59 grammga teng bo‘lgan ozginadan ko‘proq miqdordagi “Marixuana” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda naqd 400.000 so‘m evaziga sotganligi aniqlangan.
Yettinchi holat, 2024 yil 12 yanvar kuni Qorovulbozor tumani IIB xodimlari tomonidan olingan tezkor maʼlumot asosida tuman hududidan harakatlanib borayotgan oq rangli “Damas” rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilganda, avtomashinada yo‘lovchi sifatida kelayotgan Buxoro shahrida yashovchi 1974 yilda tug‘ilgan X.N. sellofan paketga o‘ralgan hamda “spichki” yozuvli ikki dona gugurt qutilariga qadoqlangan, quritilgan holdagi sof vazni 62,39 gramm, ko‘p miqdordagi “Marixuanna” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda saqlab kelayotganligi aniqlangan.
Sakkizinchi holat, 2024 yil 16 yanvar kuni Buxoro viloyat IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Buxoro shahrida yashovchi 2000 yilda tug‘ilgan Q.S. bir fuqaroga jami 1.200.000 so‘m evaziga, sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra tarkibida tetragidrokannabinol mavjud bo‘lgan sof vazni 1,33 grammga teng bo‘lgan ozginadan ko‘proq miqdordagi “Marixuana” giyohvandlik vositasini sotgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar giyohvandlik hamda psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish o‘ta jirkanch qilmish va og‘ir jinoyatdir.
Agarda yuqoridagi kabi holatlar to‘g‘risida biror bir maʼlumotga ega bo‘lsangiz, zudlik bilan 102 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib yoki yaqin atrofdagi ichki ishlar organlariga borib xabar berishingizni so‘rab qolamiz.