7 Avgust 2025 yil 1799

Buxoro viloyatida Ichki ishlar boshqarmasiga qarashli tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasining bir qator maʼmuriy binolarida, jumladan, boshqarmaning Davolash-profilaktika muassasalariga qarashli Tibbiyot bo‘limi Gospitali maʼmuriy binosida kapital qurilish va taʼmirlash ishlari jadal surʼatlarda amalga oshirilmoqda.

Bugun, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i boshchiligidagi masʼullar tomonidan ushbu rekonstruksiya ishlari joyiga chiqib o‘rganildi. Ushbu jarayonda qurilish ishlarini yuqori sifatda, zamonaviy talablar asosida olib borish, binoda innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Boshqarma rahbariyati tomonidan obyektdagi qurilish-taʼmirlash ishlari belgilangan muddat va ish grafigiga qatʼiy rioya etilgan holda yakunlanishi, bino foydalanishga to‘liq tayyor holga keltirilishi yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Shuningdek, tibbiyot muassasasi faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida binoda energiya tejovchi zamonaviy uskunalar va muhandislik tizimlaridan foydalanish, elektr energiyasi sarfini kamaytirish orqali tejamkorlikka erishish bo‘yicha ham masʼullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Qayd etish lozimki, ushbu gospital ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylarining sog‘lig‘ini tiklash, ularga tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yana-da yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi. Kapital taʼmirdan so‘ng muassasa zamonaviy tibbiy standartlarga mos, qulay va samarali faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Text to speech