9 Dekabr 2023 yil 1102

Buxoro viloyatida kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tezkor-profilaktik tadbirlarning “Dolzarb 40 kunligi” davom etmoqda

Xabaringiz bor, davlatimiz rahbarining tegishli topshirig‘iga asosan butun mamlakatimiz bo‘ylab xalqimiz osoyishtaligini taʼminlash, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyatchilikni oldini olish, mahallalarda aholining ijtimoiy-maishiy muammolarini hal etishga qaratilgan "Dolzarb 40 kunlik" tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada Buxoro viloyatida ham keng qamrovli profilaktik tadbirlar olib borilmoqda.

Bugun, 9 dekabr kuni viloyat sektor rahbarlari boshchiligida "Dolzarb 40 kun" maxsus profilaktik tadbirlari doirasida Buxoro shahar hududiga “Xavfsiz tun” tadbiriga jalb qilingan huquq-tartibot organlari xodimlari ishtirokida kengaytirilgan tungi tezkor yo‘riqnoma o‘tkazildi.

Yo‘riqnomada xizmatga jalb qilingan xodimlarga jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, tungi vaqtlarda jamoat joyi va turli ko‘ngilochar maskanlarda maqsadsiz yurgan shaxslarni aniqlab, profilaktik tushuntirish ishlarini olib borish borasida tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Shundan so‘ng, Buxoro shahri hududida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyatchilikni oldini olish, jamoat tartibi hamda yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash maqsadida keng qamrovli profilaktik tadbirlar o‘tkazishga kirishildi.

Viloyat sektor rahbarlari boshchiligidagi masʼullar tomonidan Buxoro shahrining kriminogen vaziyati og‘ir hisoblangan "Razzoq Hamroyev" hamda “Gulshan” mahallalari jinoyatchilikni oldini olish borasidagi ishlar o‘rganildi.

Jarayonda asosiy eʼtibor, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mahallalarda shaxsiy xonadonlar va jamoat joylarida videokuzatuv qamrovi oshirilishi, mahallalarda kriminogen vaziyatni chuqur tahlil qilish, profilaktika inspektorlarining kunlik xizmat faoliyatini o‘rganish va uni amalga oshirishga ko‘maklashish, aholi muammolarni o‘rganish hamda bartaraf etish bo‘yicha “mahalla yettiligi” bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaratildi.

Shuningdek, mahallalarning kriminogen vaziyatiga taʼsir qilayotgan omillar, kompleks yondashuv asosida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish, salmog‘i yuqori bo‘lgan jinoyatlarni oldini olishning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda maxsus kontingent bilan ishlash kerakligi borasida alohida topshiriqlar berildi.

Bu kabi keng qamrovli profilaktik tadbirlar Buxoro viloyati bo‘ylab davom etmoqda.

Text to speech