6 Noyabr 2023 yil 1554

Buxoro viloyatida mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi

Har bir mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish, bu borada befarqlik, loqaydlik holatlariga barham berish, jamiyatda tinch va osoyishta hayotni taʼminlashning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida aholining tinch va osoyishta hayotini taʼminlash hamda jamiyatimizda qonunga itoatkorlik va jamoat xavfsizligi madaniyatini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bugun, 6 noyabr kuni Buxoro davlat universitetida tashkil etilgan “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat xavfsizligini taʼminlashda “beshlik” tizimi faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘quv-seminarida shular haqida so‘z bordi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi masʼullari, viloyat prokurori Mahmud Istamov, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i  Mirjamol Miralimov, viloyat hokimining o‘rinbosarlari Mirali Hamroyev va Feruza Ibragimova, shahar-tumanlar hokimlarining tegishli o‘rinbosarlari, mahalla beshligi vakillari, huquqni muhofaza qilish organlari masʼullari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Seminarda so‘z olganlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik hamda Yoshlar siyosati va sport vazirliklarining shu yil 30 mart kunidagi qo‘shma qarori bilan “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish mexanizmlari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda undan kelib chiqadigan vazifalar to‘g‘risida maʼlumot berishdi.

Shuningdek, voyaga yetmagan va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish borasida “Qo‘qon shahar tajribasi” asosida “mahalla beshligi” tizimi faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida respublika ishchi guruhlari tomonidan hududlarda tashkil etilayotgan o‘quv-seminarlar xususida ham so‘z bordi. Qolaversa, huquqbuzarlik sodir etishga moyil yoki huquqbuzarlikdan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslarga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy, pedagogik va boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatish tartiblari tushuntirildi.

Shundan so‘ng kun tartibidagi masalalar bo‘yicha maʼruzalar tinglandi.

Seminarda masʼullar tomonidan mahalladagi “beshlik”ning aholi, ayniqsa xotin-qizlar, yoshlar va voyaga yetmalar orasida jinoyatchikning oldini olish, “ijtimoiy profilaktika”ni amalga oshirish, “nizoli oilalar” bilan ishlash, ularning farzandlarini ijtimoiylashuvini taʼminlash, taʼlim muassasalari bilan hamkorligini tashkil etish masalalari bo‘yicha maʼruzalar qilindi.

Shu kuni respublika ekspertlari guruhi ishtirokida seminar qatnashchilaridan test sinovlari olindi.

Ushbu seminardan kelib chiqqan holda noyabr oyi davomida viloyatning barcha shaharlari va tumanlarida mahalla beshligi ishtirokida hududiy seminar tashkil qilinishi rejalashtirilgan.

Text to speech