Buxoro viloyatida yana 4 ta yangi piyodalar uchun yer osti o‘tish inshootlari foydalanishga topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yana-da yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PQ 408-sonli qarori asosida Galaosiyo dehqon bozoriga tutash M-Z7 “Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi” avtomobil yo‘lining 258,5 km qismida joriy yil iyun oyida piyodalar yer osti o‘tish yo‘li qurilishi boshlangan edi.
Bugun, 26 dekabr kuni umumiy qiymati 9,1 milliard so‘mdan iborat inshoot qurilishi yakunlanib, foydalanishga topshirildi.
Bu o‘z navbatida aholiga o‘ziga xos bayram tuhfasi bo‘ldi. Zero, bu inshoot yo‘ldagi tirbandlikni kamaytirishda, avtomobillar yoqilg‘isi sarfini kamaytirishda, eng muhimi, piyodalar xavfsizligini taʼminlashda qo‘l keladi. Muhimi, tirband yo‘l muammosi shu taxlid hal qilinayotganidan aholi mamnun va xotirjam. Yerosti o‘tish yo‘lining uzunligi 40 metr, eni 4 metr va balandligi 2,5 metrdan iborat.
Qayd etish joizki, nafaqat Buxoro shahrida, balki shaharlararo yo‘llarda avtomobil transporti vositalari harakatining ko‘paygani hisobiga yo‘llar meʼyoridan ortiq yuklama bilan ishlayotgani bois tez-tez tirbandliklar vujudga kelayotgani hech kimga sir emas. Binobarin, keyingi yillarda davlatimiz rahbarining sohaga oid qator farmon va qarorlariga muvofiq yo‘l infratuzilmasini kompleks takomillashtirish yo‘nalishida yangi vazifalar va chora-tadbirlar belgilangani tizim faoliyatini rivojlantirishda asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ana shu saʼy-harakatning bir ifodasi sifatida ayni yangi yil shodiyonasi oldidan Jondor, Qorako‘l, Olot tumanlariga ketiladigan “Jondor” avtoshohbekati ro‘parasida ham qulay va zamonaviy uslubdagi yer osti piyodalar o‘tish yo‘li barpo qilinib, foydalanishga topshirilgani yurtdoshlarimizga bayram tuhfasi bo‘ldi.
Eʼtiborlisi, yer osti piyodalar o‘tish yo‘li kechayu kunduz yorug‘lik bilan taʼminlanadi. Shuningdek, bu yerda maxsus kuzatuv moslamalari ham o‘rnatilgan. Qolaversa, nogironlar aravachasidagi odamlar uchun ham qulayliklar yaratilgan.
Aytish mumkinki, Buxoro shahrida eng gavjum va tirband nuqtalardan biri sanalgan Qayum Murtazoyev ko‘chasi, markaziy dorixona binosi oldida bajarilgan loyiha tufayli endilikda undan bir kecha-kunduzda 5 mingdan kam bo‘lmagan yo‘lovchi foydalanish imkoniga ega bo‘ldi.
Joriy yil sentyabr-dekabr oylari davomida obyektning qurilish ishlari ikki smenada tashkil qilinib, unda qirqqa yaqin ishchi-xodim va yigirmaga yaqin maxsus texnika kuchi jalb qilingan.
Mazkur yer osti piyodalar o‘tish yo‘lining umumiy qiymati esa 4 milliard so‘m bo‘lib, uning uzunligi 32 metr, eni 4 metr va balandligi 2,5 metrni tashkil qiladi.
Muhammad Iqbol ko‘chasida, Buxoro davlat universiteti oldida bunyod etilgan zamonaviy uslubdagi yer osti piyodalar o‘tish yo‘li inshootining umumiy qiymati 6,4 milliard so‘mni tashkil qilib, uning yo‘lak uzunligi 38 metr, eni 4 metr va balandligi 2,5 metrdan iborat.
Yer osti o‘tish yo‘li o‘ziga xos meʼmoriy yechimga ega, u milliylik va zamonaviylik uyg‘unlashgan holda qurilgan.
Mazkur 4ta yer osti piyodalar o‘tish inshootlarining foydalanishga topshirilishi katta tantanaga aylandi. Tadbirlarda viloyat sektor rahbarlari, yo‘l qurilishiga daxldor idora va tashkilotlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
O‘tgan oylarda bosqichma-bosqich tarzda aholi serqatnov bo‘lgan to‘rtta hududda piyodalarning harakatlanishida qulaylik yaratish maqsadida yer osti yo‘llari qurib foydalanishga topshirilgan edi. Bugun esa yana to‘rtta yer osti yo‘li ochildi. Bu bilan buxoroliklarga xizmat ko‘rsatayotgan o‘ziga xos meʼmoriy yechimga ega yerosti piyodalar o‘tish tunneli soni 8 taga yetkazildi. O‘rganishlar va talablardan kelib chiqqan holda shaharning gavjum nuqtalarida yer osti piyodalar o‘tish yo‘llari sonini yana-da ko‘paytirish, bu bilan yo‘lovchilar xavfsiz harakatlanishini taʼminlash, avtotransport vositalari harakatini tartibga solish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Viloyatda kelgusi 2024 yilda yana 15 taga yaqin gavjum chorraha va tirband yo‘l bo‘yida yer osti va usti piyodalar o‘tish yo‘llarini barpo etish ko‘zda tutilmoqda.
Tadbirda yer osti piyodalar o‘tish yo‘llari qurilishida alohida jonbozlik ko‘rsatgan yo‘lsoz muhandis-quruvchilar mehnati alohida eʼtirof etildi. Ular munosib rag‘batlantirildi.