25 Noyabr 2023 yil 2193

Buxoro viloyatida «Namunali kinologiya bo‘linmasi» va «Aʼlochi kinolog» ko‘rik-tanlovlarining respublika bosqichi o‘tkazildi

Jamoat tartibini saqlash, sodir etilayotgan jinoyatlarni issiq izida fosh etish va ularning oldini olishda xizmat itlarining o‘rni alohida.

Kinologiya xizmati xodimlarining saʼy-harakatlari natijasida maxsus o‘rgatilayotgan itlar ishtirokida aniqlanayotgan jinoyatlar ko‘plab ko‘ngilsizliklar va qoidabuzarliklarning yuzaga kelishini bartaraf etmoqda.

Bugun ushbu soha moddiy texnik bazasini mustahkamlash, xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, xizmat itlarining shayligini taʼminlash borasida ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Jumladan kinologiya xizmati xodimlarining huquqiy bilimlari va kasbiy mahoratlarini mustahkamlash, xizmat itlarining iz qidiruv, giyohvandlik moddalarini topish, to‘siqlarni yengish kabi yo‘nalishlarda amaliy ko‘nikmalarini oshirish borasida uzluksiz mashg‘ulotlar, ko‘rik tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda.

Shu maqsadda Buxoro viloyatida joriy yilning 22 noyabr kunidan 25 noyabr kuniga qadar «Namunali kinologiya bo‘linmasi» va «Aʼlochi kinolog» ko‘rik-tanlovlarining respublika bosqichi o‘tkazildi.

Ushbu ko‘rik-tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV, Toshkent shahar va viloyatlardan jami: 42 nafar xodimlar, 28 bosh xizmat itlari ishtirok etishdi.

«Aʼlochi kinolog» ko‘rik-tanlovida ishtirokchilar 8 ta, yaʼni meʼyoriy hujjatlar bo‘yicha test sinovlari, to‘sinda tortilish, qo‘l jangi, kinolog xodimning xizmat iti bilan saf tayyorgarligi, PM va AKM qurollarini to‘liqsiz qismlarga ajratish va yig‘ish, 25 metrli suv havzasini vaqtga yengib o‘tish, 3000 metr hamda 800 metr masofaga xizmat iti bilan yugurish yo‘nalishlari bo‘yicha sinovlar topshirdilar.

Mazkur ko‘rik-tanlovning tantanali qismida IIV hamda Buxoro viloyati IIB rahbariyati so‘zga chiqib, jamoat tartibini saqlash, sodir etilayotgan jinoyatlarni fosh etish va ularni oldini olishda Kinologiya xizmati xodimlarining ko‘rsatayotgan fidokorona xizmatlarini alohida eʼtirof etishdi.

Shuningdek, bu kabi tanlovlar xodimlarda tajriba almashish bilan bir qatorda ularning keyingi faoliyatlari rivojida muhim ahamiyat kasb etishini ham taʼkidlashdi.

Ko‘rik-tanlovning umumiy natijalariga ko‘ra "Namunali kinologiya bo‘linmasi" yo‘nalishi bo‘yicha uchinchi o‘rinni Jizzax viloyati, ikkinchi o‘rinni Samarqand viloyati, faxrli birinchi o‘rinni esa Buxoro viloyati IIB JXX JTSB Kinologiya bo‘linmasi xodimlari qo‘lga kiritishdi.

Yakunda barcha yo‘nalishlar bo‘yida g‘olib va sovrindorlar IIVning kubogi, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Text to speech