12 Mart 2024 yil 3379

Buxoro viloyatida "Yangi O‘zbekistonning vatanparvar yoshlari" o‘quv yig‘ini boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining 2024 yil 12 yanvardagi kengaytirilgan yig‘ilishida berilgan topshiriqlari ijrosini taʼminlash hamda yoshlarni vatanparvarlik, jamiyat hayotiga daxldorlik va qonunga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan "Yangi O‘zbekistonning vatanparvar yoshlari" o‘quv yig‘inini tashkil etish borasidagi Ichki ishlar vazirining tegishli farmoyishi qabul qilindi.

Ushbu farmoyishga asosan Buxoro viloyatida boshlangan o‘quv yig‘inida dastlab, yig‘inning asosiy maqsadi va dasturi bilan tanishtirish maqsadida yo‘riqnoma o‘tkazildi.

Yo‘riqnomada Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi masʼul xodimi polkovnik Shavkat, Mamadaliyev boshchiligidagi professor o‘qituvchilar, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, tegishli sohaviy xizmatlar masʼullari hamda hududlardan tashrif buyurgan uyushmagan yoshlar ishtirok etishdi.

Unda so‘z olgan Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yoshlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, bandligini taʼminlash va ular bilan ishlash samaradorligini oshirish maqsadida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni alohida eʼtirof etdi.

Bevosita Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan ushbu o‘quv yig‘inlari yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidladi.

Buxoro viloyat IIB JXX JTSB PPX batalyonida bo‘lib o‘tayotgan o‘quv yig‘inida Buxoro viloyatining shahar va tumanlarida istiqomat qiluvchi 100 nafar yoshlar jalb etilgan bo‘lib, o‘quv dasturiga asosan 2 kun davomida bo‘lib o‘tadi.

O‘quv yig‘ini davrida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasidan tashrif buyurgan professor o‘qituvchilar tomonidan yoshlarning jismoniy tayyorgarligini oshirish, maʼnaviy-maʼrifiy, tarbiyaviy bilimlarini kuchaytirish, ularda vatanparvarlik ruhini oshirish hamda huquqiy bilimlarni egallashlariga qaratilgan mashg‘ulotlar olib borilmoqda.

Ushbu o‘quv yig‘ini yoshlarda vatanparvarlik, yurtga daxldorlik, qonunlarga itoatkorlik xislatlarini singdirish, ularning qiziqishlari, qobiliyati, iqtidori va muammolarini o‘rangan holda kasb-hunar hamda chet tilini o‘rganishga yo‘naltirish, bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka jalb qilish orqali faol ijtimoiy hayot tarziga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Text to speech