Buxoro viloyatida o‘tgan hisobot yilida jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, jinoyatlarni issiq izida fosh etish, ijtimoiy profilaktik tadbirlarning natijadorligi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari general-mayor Bahodir Mirzarahimov huzurida muhokama qilindi
Muhokama yig‘ilishida Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Mirjalol Miralimov, uning barcha o‘rinbosarlari, sohaviy xizmatlar rahbarlari, hududiy ichki ishlar organlari va sohaviy xizmatlar rahbarlari hamda boshqa masʼul xodimlar ishtirok etdi.
Muhokama yig‘ilishi O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasini ijro etish bilan boshlandi.
Yig‘ilishni vazir o‘rinbosari general-mayor B. Mirzarahimov ochib berib, yig‘ilganlarni kun tartibi bilan tanishtirdi hamda viloyatda jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, jinoyatlarni issiq izidan fosh etish, qidiruvda yurgan shaxslarni ushlash choralarini ko‘rib, javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash, tezkor, yakka, umumiy va ijtimoiy profilaktik tadbirlarning natijadorligi yuzasidan axborot berish uchun so‘zni boshqarma boshlig‘i polkovnik M. Miralimovga berdi.
M. Miralimov kun tartibidagi masala yuzasidan o‘z hisobotini berdi. Jarayonda jinoyatchilik salmog‘i yuqori bo‘lgan Buxoro shahar, G‘ijduvon hamda Buxoro tumanlari Ichki ishlar organlari rahbarlarining chora-tadbirlar rejasi ham muhokama qilindi.
Bundan tashqari, jinoyatlar turlari bo‘yicha, jinoyat sodir qilgan shaxslar kesimida salbiy ko‘rsatgichga ega bo‘lgan Kogon, Qorovulbozor, Jondor, Qorako‘l va Olot tumanlari ichki ishlar organlari rahbarlarining ham tushuntirishlari va kelgusidagi rejalari tinglandi.
Muhokamada, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan bir qator masʼullar qattiq tanqid qilinib rasmiy ogohlantirilgan bo‘lsa, o‘z xizmat vazifalariga sidqidildan yondashgan, namunali xizmat qilib hamkasblariga o‘rnak bo‘layotgan bir guruh xodimlarning intizomiy jazolari muddatidan oldin tugatildi.
Muhokama yig‘ilishi yakunida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora tadbirlar belgilab olindi.