Buxoro viloyatida voyaga yetmagan yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimi joriy etiladi
Bugun, 19 sentyabr kuni Buxoro viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov boshchiligida Buxoro viloyatida voyaga yetmaganlar o‘rtasida sodir yetilishi mumkin bo‘lgan jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarini oldini olishga qaratilgan yangi tizimni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan video selektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda xalq taʼlimi, yoshlar ishlari agentligi masʼullari, yoshlar bilan ishlovchi inspektor psixologlar, mahallalardagi yoshlar yetakchilari, maktablardagi psixologlar ishtirok etishdi.
Bugungi kunda, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi tizimida 547 ta umumiy o‘rta taʼlim maktabi mavjud bo‘lib, ularda 326 ming 126 nafardan ortiq o‘quvchilarga 28535 nafar pedagog-xodimlar taʼlim-tarbiya berib kelishmoqda. Ushbu taʼlim muassasalarida alohida eʼtibor qaratish lozim bo‘lgan voyaga yetmaganlar soni 330 nafarni tashkil etadi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan boshqarma boshlig‘i voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, nosog‘lom oilalarda tarbiyalanayotgan voyaga yetmaganlar o‘rtasida ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yaxshilash, ota-ona qarovisiz qolgan bolalar bilan manzilli ishlash hamda bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha inspektor psixolog, yoshlar yetakchisi, maktab psixologi hamda sinf rahbarining hamkorligini yo‘lga qo‘ygan holda alohida eʼtibor qaratish lozim bo‘lgan yoshlar bilan ishlash kerakligini alohida taʼkidladi.
Maʼlumot o‘rnida Buxoro viloyatida joriy etilayotgan voyaga yetmaganlar yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimiga ko‘ra har bir voyaga yetmagan yoshning psixologik portreti shakllantiriladi. Ular bilan ishlash uchun alohida individual dastur ishlab chiqiladi. voyaga yetmagan yoshlarning har bir harakatlarini nazorat qiladigan masʼullar biriktirilib, kun davomidagi vaqtlari nazoratga olinadi.
Hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan Buxoro shahrida 7 umumiy o‘rta taʼlim maktabi tanlab olinib, tajriba tariqasida voyaga yetmagan yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimi joriy etiladi.
Natija voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldi olinadi.