12 Dekabr 2023 yil 1227

Buxoro viloyatida O‘zbekiston Respublikasi qurolli kuchlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar harbiy xizmatchi va xodimlari o‘rtasida sportning “Kurash” turi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi

Asrlar davomida mardlik, bag‘rikenglik, olijanoblik va halollik timsoli sifatida eʼzozlanib kelingan o‘zbek kurashi xalqimizning tarixiy merosi sifatida Yangi O‘zbekistonda butunlay yangi davrga qadam qo‘ymoqda.

Kurash sport turini huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari tomonidan keng ommalashtirish borasida ham keng ko‘lam ishlar olib borilmoqda.

Buxoro viloyatida O‘zbekiston Respublikasi qurolli kuchlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar harbiy xizmatchi va xodimlari o‘rtasida sportning “Kurash” turi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazilgani ham bunga yorqin misol bo‘la oladi.

Ushbu musobaqada 7 ta vazn toifasida, O‘zbekiston Respublikasi IIV, DXX, Prezident davlat xavfsizlik xizmati, FVV, Milliy gvardiya, Mudofaa vazirliklarining 123 nafar sportchi xodimlari ishtirok etishdi.

Musobaqaning tantanali qismida so‘zga chiqqanlar bugun mamlakatimizda sportni, ayniqsa “Kurash” ni ommalashtirish borasida davlatimiz rahbari boshchiligida olib borilayotgan islohotlarni alohida eʼtirof etishdi.

Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan ushbu musobaqa ularning professional faoliyati rivojida muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlashdi.

3 kun davomida qizg‘in va murosasiz bahslarga boy o‘tgan musobaqa yakunida umumjamoa bo‘yicha uchinchi o‘rinni DXX va Mudofaa vazirligi, ikkinchi o‘rinni FVV, birinchi o‘rinni esa IIV terma jamoasi egalladi.

Yakkalik va jamoaviy bahslar g‘oliblari kubok, medal, diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Text to speech