Buxoro viloyatidagi “qizil” toifaga kiritilgan mahallalarda kriminogen vaziyatni yaxshilash, og‘ir ahvolga tushgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashda “Mahalla yettiligi” tomonidan jinoyatchilikning ijtimoiy profilaktikasiga qaratilgan faoliyatni yo‘lga qo‘yish borasida o‘quv-amaliy seminari o‘tkazildi
Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev kuni kecha Buxoro viloyatiga qilgan tashrifi davomida viloyatimizni kambag‘allik, ishsizlik va jinoyatdan xoli hududga aylantirish hamda boshqa bir qator muhim sohalarda “Buxoro tajribasi”ni yaratishni ustuvor vazifa sifatida belgilab berdi.
Ushbu topshiriqlarga asosan, Davlat boshqaruvi akademiyasining tajribali professor-o‘qituvchilari tomonidan kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan 13 ta “mahalla yettiligi” o‘qitilmoqda.
Shuningdek, Bosh prokuratura akademiyasi va Ichki ishlar vazirligi akademiyasining professor-o‘qituvchilari tomonidan viloyatimizda jinoyatchilik oshgan “qizil toifa”dagi 41 ta “mahalla yettiligi”ni o‘qitish ham belgilangan.
Mazkur dastur asosida bugun, 6-may kuni G‘ijduvon tumanida viloyatdagi mavjud 13 ta “qizil” toifaga kiritilgan mahallalar yettilik vakillari bilan o‘quv-amaliy seminari o‘tkazildi.
Seminarda, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursvunov, Davlat boshqaruvi akademiyasi professor o‘qituvchilari Aktam Xolov va Shavkat Asadovlar, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i Murodjon Umarov, oliy taʼlim muassasalarining rektorlari, prorektorlari va professor-o‘qituvchilari hamda 13 ta “qizil” toifadagi mahallar yettilik vakillari ishtirok etishdi.
Bunda, mahallada kriminogen vaziyatni yaxshilash, og‘ir ahvolga tushgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashda mahalla yettiligi tomonidan jinoyatchilikning ijtimoiy profilaktikasiga qaratilgan faoliyatni yo‘lga qo‘yish yuzasidan maʼruzalar qilindi.
O‘quv seminarida so‘z olgan Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursvunov mahallani xavfsiz va jinoyatdan holi hududga aylantirish borasida ayrim mahallalarda mahalla yettiligining roli sezilmayotganligini, jinoyatlarni jilovlash yo‘llarini hali ko‘pchilik tushunib yetmaganini, tushunib yetganlarida ham loqaydlik va tashabbuskorlik yo‘qligi kuzatilayotganini aytib, har bir mahalla yettiligi huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan aholining 30 foizi bilan manzilli ishlasa, mahallada jinoyat bo‘lmasligini alohida taʼkidladi.
Boshqarma boshlig‘i sodir etilishi mumkin bo‘lgan har qanday jinoyat yoki huquqbuzarliklarining oqibatini inobatga olgan holda hududlarni "xonadonbay", "oilabay", "fuqarobay", tizimi asosida xatlovdan o‘tkazib, fuqarolarning mavjud muammolari ro‘yxatlarini shakllantirib, ularning yechimiga qaratilgan hamkorlikdagi ishlar tashkil etilsagina ko‘zlangan maqsadga erishish mumkinligi borasida mahalla vakillariga tegishli topshiriqlar berdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar, Kambag‘allikni qisqartirish va Bandlik hamda Yoshlar siyosati va sport vazirliklari tomonidan 2023 yil 30 mart kuni qabul qilingan “Obod va xavfsiz mahalla tamoyili asosida respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish mexanizmlarini belgilash to‘g‘risida”gi qo‘shma Qaroridan kelib chiqib, ijtimoiy profilaktikani amalga oshiruvchi subyektlarning bugungi kunda olib borayotgan faoliyati, mahalla yettiligining ish natijalarini tanqidiy tahlil qilib, mazkur yo‘nalishda ham ishlarni manzilli tashkil etishning mexanizmlari yuzasidan o‘zining qator takliflarini bildirdi.
Boshqarma boshlig‘i o‘z so‘zida yana bir muhim jihat, mahallalarni raqamlashtirish masalasiga alohida to‘xtalib, hududlarni kameralashtirib profilaktika inspektorlarining xizmat xonalariga integratsiya qilish, shu jumladan, yangi qurilayotgan bino, inshootlar, ko‘p qavatli uylar, davlat va nodavlat tashkilotlari, korxona va muassasalarda xavfsizlik choralarini kuchaytirish maqsadida, ularni ham zamonaviy videokuzatuv moslamalari bilan jihozlashni alohida nazoratga olish zarurligini taʼkidladi.
Shu bilan birga, Davlat boshqaruvi akademiyasi professor o‘qituvchilari tomonidan mavzu yuzasidan maʼruzalar qilinib, mahallalarda ijtimoiy profilaktikani amalga oshirish yuzasidan ishlab chiqilgan uslubiy qo‘llanmalar bo‘yicha batafsil tushunchalar berib, mazkur yo‘nalishda natijadorlikka erishishning yo‘llari yuzasidan bir qator tavsiyalarini taqdim etishdi.
Bu kabi o‘quv-amaliy seminarlari Buxoro viloyatining barcha shahar-tumanlari bo‘ylab davom etmoqda.