Buxoro viloyatidagi jome masjidlar Qurbon hayiti namozini o‘qish uchun shaymi
Xabaringiz bor joriy yilning 6 iyun kuni yurtimizda, shu jumladan, Buxoro viloyatida ham xalqimiz Qurbon hayiti bayram tadbirlarini keng nishonlaydi.
Bugun viloyat Ichki ishlar boshqarmasida o‘tkazilgan tezkor yig‘ilishda aynan ushbu tadbir davomida xavfsizlikni taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosarlari, tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlari, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari masʼullari va boshqa taalluqli idoralar mutasaddilari ishtirok etgan yig‘ilishni boshqarma boshlig‘i ochib berib, viloyatda mavjud Qurbon hayiti namozi o‘qiladigan 106 ta jome masjidlarining texnologik jihatdan sozligi, texnogen hamda favqulodda holatlarga bardoshliligi, xavfsizlikning taʼminlanganligi xususida so‘z yuritib, hamkor tashkilotlarning mutaxassis xodimlaridan iborat tarkibda tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan belgilangan standartlar va tartib tamoyillar asosida tekshiruv va o‘rganishlar o‘tkazilishi lozimligini taʼkidlab, har bir mutasaddi idoralarning masʼullariga o‘zining zaruriy tavsiya, ko‘rsatma va topshiriqlarini berdi.
Shuningdek, barcha shahar-tumanlardagi masjidlarda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligi va masjidlar yon atrofida transport vositalarining xavfsiz harakatlanishini taʼminlash, yo‘llarda harakat xavfsizligi va tirbandliklarni oldini olish, yong‘inga qarshi texnika vositalarini taftishdan o‘tkazish, elektr va gaz uskunalari va jihozlarini yana bir bor ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha masʼullarning zimmasiga aniq vazifalarni belgilab berdi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad viloyatimizdagi mavjud jome masjidlarida Qurbon hayiti namozini o‘qish uchun kelgan xalqimizning ibodat amallarini bajarishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratib berishdan iborat.