Buxoro viloyatining barcha shahar va tumanlarida giyohvand hamda psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish borasida o‘tkazilayotgan keng qamrovli tezkor va profilaktik tadbirlar davomida 10 dan ortiq jinoiy holatlarga barham berildi
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining alohida farmoyishi asosida viloyatning barcha shahar va tumanlarida tarkibida narkotik modda bo‘lgan o‘simliklarni noqonuniy ravishda ekib parvarishlash, narkotik va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq holatlarni oldini olish, unga qarshi keskin kurashish va bu turdagi jinoyatlarni issiq izida fosh etish borasida “Qoradori 2024” keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirlari harakatga keltirilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Buxoro viloyati ichki ishlar organlari xodimlarining saʼy-harakatlari natijasida giyohvandlik moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish bilan bog‘liq bir nechta jinoyatlar fosh etildi.
Jumladan, Olot tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida tumanning Davlatboy mahallasida yashovchi fuqaroning yashash xonadoni tomorqasi ko‘zdan kechirilganda, 13 tup “Ko‘knor” o‘simligini ekib parvarishlash kelayotgani;
Jondor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida esa tumanning Samonchiq mahallasida yashovchi fuqaroning yashash xonadoni tomorqa yeridagi “issiqxona”da 4 tup “Kannabis” o‘simligining o‘stirilayotganligi va sof vazni 7,86 gram quritilgan holdagi “Marixuana” giyohvandlik moddasini saqlab kelayotganligi;
Jondor tumanidagi navbatdagi holatda tumanning Istiqlol mahallasida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushbu mahallada yashovchi fuqaro o‘z yashash xonadonida og‘irligi 29,78 grammni tashkil qilgan quritilgan holdagi “Marixuana” giyohvandlik moddasini saqlab kelayotganligi;
Xuddi shunday tadbir davomida Kogon tumanining Taraqqiyot mahallasida yashovchi, fuqaroning yashash xonadoni tomorqa yerlari ko‘zdan kechirilganda, u poliz ekinlari orasiga 135 tub Kannabis o‘simligini parvarishlab kelayotganligi aniqlangan;
Kogon tumanida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbir davomida, tumanning Nurafshon mahallasida yashovchi, fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, xonadonning tomorqa yer maydonida 6 tup “Kannabis” giyohvandlik o‘simligini ekib yetishtirib kelayotganligi;
Kogon shahrining Zirabod mahallasida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida esa ushbu mahallada yashovchi fuqaroning yashash xonadoni tomorqasida 15 tup “Kannabis” o‘simligi parvarishlab kelinayotgani hamda 875 grammni tashkil qilgan quritilgan holdagi yashil rangli o‘tkir hidli o‘simlikni saqlab kelayotganligi;
Kogon shahrining Navzirabod mahallasida yashovchi fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda uning tomorqasida 41 tup “Kannabis” o‘simligi parvarishlab kelinayotgani hamda yashash uyida sof og‘irligi 652 grammni tashkil qilgan quritilgan holdagi “Marixuana” borligi;
Peshku tumanida o‘tkazilgan tadbir davomida esa tumanning Navbahor mahallasida yashovchi fuqaro o‘zining dala yeri maydonida 105 tup Kannabis o‘simligini yetishtirib kelayotganligi hamda u dala shiyponidagi seyf ichida 655 grammga teng bo‘lgan “Marixuanna” giyohvandlik moddasini saqlab kelayotgani;
Yana bir holat. Vobkent tumanining Bobur ko‘chasida yashovchi, 1955 yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadoni hamda yordamchi xo‘jalik binolari ko‘zdan kechirilganda, u yashash xonadonida 5 dona gultuvakda “Kannabis” giyohvandlik o‘simligini ekib yetishtirib kelayotganligi;
Shofirkon tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida, tumanning Bog‘iafzal mahallasida yashovchi fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, u hovlisida bir tup “marixuana” giyohvandlik moddasini yetishtirib kelayotgani aniqlangan.
Aniqlangan barcha holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Buxoro viloyati bo‘ylab “Qoradori 2024” keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirlari davom etadi.